O‘zbekiston va Janubiy Koreya sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya bo‘yicha ekspert maydonini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston va Janubiy Koreya sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya bo‘yicha ekspert maydonini ishga tushirmoqda

2026 yil 1 may kuni Toshkent shahridagi IT Park Uzbekistan hududida “Ta’lim, energetika va hududlar rivojida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning o‘rni” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston va Janubiy Koreyadan ekspertlar, olimlar, davlat organlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.

Tadbir tashkilotchilari sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Center for Economic Research and Reforms) Osiyo taraqqiyot banki instituti (Asian Development Bank Institute), Seul milliy universiteti (Seoul National University) hamda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (Tashkent University of Information Technologies) bilan hamkorlikda ishtirok etmoqda.

Forum doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarining oliy ta’limni transformatsiya qilishga ta’siri va ularni samarali joriy etish strategiyalari, raqamlashtirishning kambag‘allikni qisqartirish va hududlar rivojidagi o‘rni, shuningdek Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda energetika sohasini texnologik modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.

Forum doirasida O‘zbekistonda hududlarni manzilli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vositasi sifatida amalga oshirilayotgan “Mahallabay” tizimiga alohida e’tibor qaratiladi. Mahalliy boshqaruv, raqamli yechimlar va idoralararo hamkorlikka asoslangan ushbu yondashuv xalqaro ekspertlar hamjamiyatida inklyuziv hududiy rivojlanish va manzilli ijtimoiy siyosatning samarali modeli sifatida qiziqish uyg‘otmoqda.

Tadbirda Seul milliy universiteti vitse-prezidenti va Global rivojlanish instituti direktori d-r Kilkon Ko, Osiyo taraqqiyot banki instituti dekani va bosh direktori d-r Bambang Brodjonegoro, Songyungvan universiteti Davlat boshqaruvi oliy maktabi professori Gi Xon Kvon, Seul milliy universiteti Qishloq xo‘jaligi kolleji Xalqaro hamkorlik markazi professori Chonguk Li, shuningdek Koreya elektr energetika korporatsiyasi vakillari ishtirok etadi.

O‘zbekiston tomonidan tadbirda davlat organlari, ekspertlar hamjamiyati, sohaviy vazirliklar, energetika kompaniyalari, IT Park Uzbekistan hamda mamlakat oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etadi.

Forum qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish va ilg‘or tajribalar almashish uchun samarali maydonga aylanishi kutilmoqda. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash va innovatsion rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Biz tadbirda ishtirok etish uchun ekspertlar hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini taklif etamiz (ishtirok etish uchun arizalar quyidagi manzil orqali qabul qilinadi: CERRUZB)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar