O‘zbekistonning Qanot Sharq Airlines aviakompaniyasi foydalanilgan ikkita Airbus A320−200 samolyotini ijaraga oldi. Bu haqda samolyotlarni ijaraga bergan Air Lease Corporation kompaniyasi ma’lum qildi.
Qanot Sharq Airlines hududiy aeroportlardan Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Qozog‘iston yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi.
Samolyotlar mart oyida yetkazib beriladi. Ushbu samolyotlar o‘zbek startap-aviakompaniyasi parkidagi ilk samolyotlar bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Qanot Sharq Airlines O‘zbekistondagi ilk xususiy aviakompaniya hisoblanadi. Kompaniya 1998 yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 2003 yildan 2012 yilgacha «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Il-76 samolyotlarini ijaraga olgan va o‘z charter reyslarini amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 5 oktyabr kuni Senatning bo‘lib o‘tgan majlisida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijro etilishi holati ko‘rib chiqilgan edi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tegishli boshqarmalari buyruqlari bilan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi xalqaro aeroportlar mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha tabiiy monopoliya sub’yekti sifatida davlat reyestriga kiritilgan.
Izoh qoldirish