Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya milliy tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, mahsulotlar sifatini oshirish, jahon bozorlariga chiqish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, yurtimizda mavjud 30 mingga yaqin standartning 19 mingtasi xalqaro normalar bilan uyg‘unlashtirildi va xalqaro standartlar reyestri shakllantirildi.
Eskirgan, bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan 5 ming 600 ta standart amaliyotdan chiqarildi, 3 ming 500 tasi zamon talablari asosida takomillashtirildi. Xalqaro analoglarga muvofiq qo‘shimcha 26 ta texnik reglament ishlab chiqildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi 260 ta korxonada “Global G.A.P.” hamda “Organic” standartlari asosida sifat tizimi joriy etildi va ular xalqaro darajada sertifikatlashtirildi.
32 ta to‘qimachilik korxonasi “Oeko-Tex” standarti asosida sertifikatlashtirildi. 21 ta korxona Yevropa Ittifoqida talab etiladigan “SE” markirovkasini tasdiqlovchi sertifikat oldi.
Sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinib, yurtimizga chet ellardan keltirilayotgan mahsulotlar sifati ham o‘rganib borilmoqda.
Shu bilan birga, ishlab chiqarishda, esport va import jarayonlarida standartlar bilan bog‘liq yana ko‘plab vazifalar bor. Ayrim tartib-taomillar tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Taqdimotda shu masalalarni hal etish, sohadagi tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Masalan, bugungi kunda 3 ming 400 turdagi mahsulotga sanitariya-epidemiologik xulosa bilan birga muvofiqlik sertifikati ham talab etilmoqda.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga sanitariya-epidemiologik xulosa olinadigan mahsulotlar ro‘yxatini maqbullashtirish, qo‘shimcha muvofiqlik sertifikati talabini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Import mahsulotlar sinovi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida amalga oshirilib, bunga 60 kungacha vaqt ketmoqda. Shu bois, bu boradagi hujjatlarni kamida 30 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Sohani takomillashtirishda jahon tajribasidan foydalanilmoqda. Jumladan, Yevropada faqatgina 28 turdagi xavfi yuqori bo‘lgan mahsulot majburiy sertifikatlanadi, qolgan barcha turdagi tovarlar muvofiqligi deklaratsiyalash orqali tasdiqlanadi.
Taqdimotda shunday tizimni tajriba-sinov tariqasida amaliyotga kiritish zarurligi qayd etildi. Dastlabki bosqichda 800 ga yaqin mahsulot turi bo‘yicha deklaratsiyalash tartibi joriy etiladi.
Xalqaro talablar bilan uyg‘unlashmagan qolgan 11 mingta milliy standart o‘rniga xalqaro standartlarni qabul qilish hamda 2023 yildan barcha korxonalarni ushbu standartlarga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“O‘zstandart” agentligi tizimidagi 20 ta sinov laboratoriyasi faoliyatini xalqaro darajada tashkil etib, birinchi navbatda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, elektr texnikasi, yengil sanoat, gigiyena va parfyumeriya mahsulotlari hamda qurilish materiallarining xalqaro standartlarga muvofiqligini baholashni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Yevropa Ittifoqining “GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlardan keng foydalanish uchun korxonalarga xalqaro sertifikatlar olishda ko‘maklashish kerakligi qayd etildi.
Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar hamda Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimlari normalaridan kelib chiqib, ushbu sohalarga mas’ul idoralarning vakolatlarini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi.
Izoh qoldirish