Markaziy Bank, Coliq va Bojxona qo‘mitalari hamda Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan taqdim etilgan tezkor ma’lumotlarga asoslanib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilchilari har oyda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama tahlil qilib boradi.
Joriy yilning yanvar–noyabr oylari yakunida soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7%ga o‘sib, barqaror ijobiy dinamikani namoyon etdi.
Tushumlarning eng sezilarli o‘sishi Navoiy, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etildi, bu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 36% atrofida bo‘ldi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 20,1%ga, mol-mulk solig‘i tushumlari 16,5%ga, yer solig‘i tushumlari esa 21,2%ga oshdi.
Bojxona to‘lovlari yillik hisobda 20,3%ga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo viloyatida 63,9% va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 39% darajada qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent, Navoiy, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida barqaror ijobiy dinamika kuzatilib, mazkur hududlarda tushumlar o‘rtacha 30%ga oshdi.
Tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahliliga ko‘ra, tovarlar eksporti 12,4%ga o‘sdi. Eksport yetkazib berishlarida eng katta o‘sish Surxondaryo viloyatida qariyb 70% va Samarqand viloyatida 32,3% darajada kuzatildi.
Parallel ravishda kreditlash hajmida ham sezilarli o‘sish qayd etildi. Qayd etilgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 37,7%ga oshdi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida 78,6% va Namangan viloyatida 49,8% darajada bo‘ldi. Shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida kreditlash o‘sishi 40%dan yuqori bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 21,2%ga oshdi. Birja faolligi ko‘pchilik hududlarda o‘sdi, ayniqsa Buxoro viloyatida faollik 35,9%ga ko‘tarildi. Shuningdek, Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida ham o‘sish qayd etildi, o‘rtacha 33% atrofida.
Sultonmurod Ozodov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish