Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlari doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda.
2022 yil aprel oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 23,4 mingtani tashkil etdi, bu joriy yilning mart oyiga nisbatan (20,3 ming) 15,1%ga ko‘p. O‘tgan yilning mos davriga (20,8 ming) nisbatan o‘sish 12,6%ni tashkil etdi.
1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi
Hududlar kesimida eng yuqori yillik o‘sish sur’atlari Xorazm (39 foiz), Surxondaryo (32 foiz), Namangan (29 foiz), Jizzax (27 foiz), Samarqand (25 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Sirdaryo (2,6 foiz) va Toshkent (2,2 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (3,8 foiz) nisbatan pastroq o‘sish sur’atlari kuzatildi.
Jizzax (4,6 foiz) va Navoiy (5,1 foiz) viloyatlarida yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan ko‘chmas mulklar soni ulushining nisbatan yuqoriligi mazkur hududlarda tadbirkorlik faoliyati uchun ko‘chmas mulk ob’yektlari muhim ekanligidan dalolat beradi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk oldi-sotdisi
Hududlar bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha eng ko‘p shartnomalar Toshkent shahri (6,9 ming), Toshkent (2,5 ming) va Farg‘ona (2,1 ming) viloyatlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar aksariyat ko‘chmas mulkni Toshkent (79), Navoiy (60) va Jizzax (27) viloyatlarida sotib olishgan.
2-rasm. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘zgarishi
Tahlil natijalariga ko‘ra, aprel oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari mart oyiga nisbatan 2,1 foizga o‘sdi (martda 1,9 foiz kamayish).
Narxlarda eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (6,5 foiz), Andijon (5,3 foiz), Toshkent (5,1 foiz) va Sirdaryo (5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Surxondaryo (-1,7 foiz), Namangan (-1,4 foiz) va Xorazm (-1,2 foiz) viloyatlarida narxlar pasaygan.
3-rasm. Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘zgarishi (1 kv.m. uchun AQSh dollari)
Toshkent shahrida o‘tgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,3 foizga o‘sdi. Uy-joy narxlarining o‘sishi barcha tumanlarda qayd etilgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish Bektemir (3,5 foiz), Mirobod (2,6 foiz) va Yunusobodda (2,4 foiz) kuzatilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha aprel oyida o‘rtacha ijara narxi 8,6 dollarni (1 kv metr uchun) tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foizga o‘sgan (martda 9,1% o‘sish). Tumanlar kesimida yuqori ijara narxlari Shayxontohur (11,7 dollar), Mirobod (10,8 dollar) va Yakkasaroyda (10,6 dollar) qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq ijara narxlari Sergeli (5,6 dollar), Bektemir (6,2 dollar) va Uchtepa (6,7 dollar) kuzatildi
*Poytaxtda ijara narxlarining qanday o‘zgarayotgani, O‘zbekistonda uy sotib olish uchun o‘rtacha qancha muddat talab etilishi va qaysi hududlarda ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi, qaysi shaharlarda bu ko‘rsatkich nisbatan pastligi bilan “Iqtisodiy sharh” jurnalining 4-sonida tanishishingiz mumkin.
Izoh qoldirish