Ko‘chmas mulk bozorining barqarorligi-Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisoboti

Ko‘chmas mulk bozorining barqarorligi-Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisoboti

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) o‘zining navbatdagi hisobotida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlar tahlilini taqdim etdi.

Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikki oylik pasayishdan so‘ng, aprel oyida barqaror tiklanishni ko‘rsatdi. Oy davomida bitimlar hajmi 20%ga oshib, 24 mingtani tashkil etdi.

Hududiy dinamika

Aprel oyida ko‘chmas mulk bozoridagi hududiy dinamika barqaror o‘sishni ko‘rsatib, respublikaning hech qaysi hududida bitimlar hajmida pasayish qayd etilmadi.

Faollikning eng sezilarli o‘sishi Namanganda (39%), Samarqand (29%) va Buxoro viloyatlarida (27%) qayd etildi.

Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari

Aprel oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narx o‘tgan oyga nisbatan 1,3%ga oshdi.

Yillik hisobda o‘sish 2,4%ni tashkil etdi.

O‘sish sur’atlari Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori qayd etilgan.

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat

Aprel oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori nisbatan barqarorlikni ko‘rsatdi. Ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmagan (0,3% pasayish).

Yillik hisobda ham birlamchi, ham ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlarida narxlarning pasayishi kuzatildi.

Ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,3%ga kamaygan bo‘lsa, birlamchi uy-joy segmentida esa pasayish 4,2%ni tashkil etdi.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Chilonzor (10,7%), Mirzo Ulug‘bek (9,4%) va Yashnobod (8,2%) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa (15,3%), Shayxontoxur (13,3%) va Yunusobod (8,8%) tumanlarida kuzatildi.

Uy-joy ijara bozori

Aprel oyida Toshkent shahrida ijara narxlarining barqarorlik kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,4 dollarni tashkil etadi.

Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlarining pasayishi sekinlashib, 3%ni tashkil etdi.

Yil davomida ijara narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa, Yunusobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar