“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasining 2-navbati ishga tushirildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qurilish ishlari “Enter Engineering” (Singapur) kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar “Baker Hughes General Electric” (AQSh), “Motorsich” (Ukraina), “Akcelik” (Turkiya), “Denair Energy” (Xitoy) kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.
Qiymati 75,8 mln dollarga teng bo‘lgan ushbu loyiha kondagi qoldiq gaz va kondensat zaxirasini (35,3 mlrd kub metr va 5,5 mln tonna) maksimal darajada qazib olish maqsadida amalga oshirildi.
Marosimni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev ochib berdi.
– Yangi siquv kompressor stansiyasi yiliga 3,3 mlrd kub metr tabiiy gaz bosimini oshirish quvvatiga ega hamda gaz tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yetkazib berishga xizmat qiladi va kunlik qo‘shimcha 1,5 mln kub metr (yillik 480,0 mln kub metr) gaz qazib olishga erishiladi, – dedi Mehriddin Abdullayev.
Ushbu siquv kompressor stansiyasining 2-navbati 2 ta agregat orqali “Zevarda”koni quduqlarining sanoat miqyosidagi past bosimli tabiiy gazlari bosimini ko‘tarib, “Zevarda" siquv kompressor stansiyasiga uzatib berish va bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.
Siquv kompressor stansiyasining barqaror ishlashini ta’minlash uchun 2021 yilda "Zevarda" konida qo‘shimcha 9 ta yangi quduqni burg‘ilash, uzunligi 5,2 km gaz kollektorini qurish va kondan yillik 2,9 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgan.
Ushbu ob’yektni barpo etish natijasida, “Zevarda” konidagi tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinishi bilan bir qatorda, ushbu kon bo‘yicha kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini 1,5 mln kub metrga oshirish imkoniyati yaratildi.
Qurilmani ishga tushirish uchun Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan ruxsat berildi va u ushbu ob’yektni barpo etishda ishtirok etgan mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Zevarda” koni hududida ko‘p yillar davomida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida 305 mlrd kub metr atrofida tabiiy gaz hamda 18,0 mln tonnadan ortiq gaz kondensati zaxiralari mavjudligi aniqlangan.
Ushbu kon va undagi quduqlarning joriy holatida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 2,27 mlrd kub metr tabiiy gaz va 46,6 ming tonna gaz kondensati qazib olinadi.
Boshqarma tomonidan 2021 yilda 16,8 mlrd kub metr tabiiy gaz, 109 ming tonna neft, 310,7 ming tonna kondensat qazib olish rejalashtirilmoqda.
Qazib olinayotgan tabiiy gaz quvurlari orqali “Muborak” gazni qayta ishlash zavodiga hamda neft va kondensat xomashyolari “Buxoro” neftni kayta ishlash zavodiga yetkazib berilmoqda.
Hozirgi kunda, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufida jami 42 ta neft va gaz kondensat konlari, 12 ta siquv kompressor stansiyalari va 14 ta gazni tayyorlash qurilmalari mavjud.
Ma’lumot uchun, “Zevarda” koni 1968 yilda ochilgan bo‘lib, dastlabki tabiiy gaz zaxirasi 305 mlrd kub metrni hamda kondensat zaxirasi 18 mln tonnani tashkil qilgan. Konni ishlatish davomida 136 ta quduq burg‘ilanib, hozirgi kunda 82 ta quduq ishlatilmoqda.
Izoh qoldirish