Tadbirkorning tashrif qog‘ozi
Taniqli tadbirkor Mahmudov Mirobid Odilxonovich – bugungi maqomiga tinimsiz mehnati, fidokorona xizmati bilan erishgan inson.
U 1966 yil o‘rta maktabni bitirgan va Odessa texnologik oziq-ovqat va sovitkichlar sanoati institutiga o‘qishga kirgan. 1971 yil o‘qishni tamomlab, muhandis-texnolog mutaxassisligini olgan. 1971-1972 yillar harbiy xizmatda bo‘lib qaytgach, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi Kirov nomli davlat xo‘jaligi konserva zavodida texnolog lavozimida mehnat faoliyatini boshlagan.
Mirobid Mahmudovning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish faoliyati shu zavodda boshlandi va hozirga qadar mazkur sohada ishlab kelmoqda. Keyinchalik zavodda sex boshlig‘i, bosh muhandis va direktor vazifalarida ishlagan. 1983 yildan Andijon konserva zavodi direktori, Andijon viloyati “Mevasabzavotuzumsanoat” birlashmasi raisi, “MASK” qo‘shma korxonasi bosh direktori, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2002 yildan hozirgacha “Toshkentvino kombinati” bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Turmush o‘rtog‘i Dilfuzaxon aya bilan uch qiz va bir o‘g‘ilni elu yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalashdi. Hamma farzandi oliy ma’lumotli, ular turli sohalarda samarali mehnat qilishmoqda. 12 ta nevara va 7 ta chevarasi bor.
Mirobid Mahmudov “Mehnat shuhrati” ordeni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy Yorlig‘i, “Shuhrat” medali va vino sanoati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Rossiya Federatsiyasining “Golitsyn” medali bilan taqdirlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvlarida doimiy ishtirok etadi.
– Biznes karerangizni qanday boshlagansiz? Undan oldin boshqa ish bilan shug‘ullanganmisiz? Nega aynan xomashyoni qayta ishlash sohasida tadbirkor bo‘lishga qiziqqansiz?
– Men mehnat faoliyatimda faqat qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanganman. Ayni sohada tadbirkor bo‘lishimning sababi shundaki, men yoshligimdan yurtimizda olma, uzum, pomidor kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘p miqdorda yetishtirilishi, dehqon uni juda arzon sotishi, aholi bu mahsulotlardan, asosan, yozgi va kuzgi mavsumlarda bahramand bo‘lishi, ularni uzoq muddat saqlash qiyinligi, hosilning juda oz qismi qayta ishlanishi, ko‘pi isrof va nobud bo‘lib ketishini ko‘rib ulg‘ayganman. O‘shanda men kelajakda o‘z kasbimni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, shu yo‘l bilan ulardan bir necha baravar qimmat yangi tovar yaratish va aholini ulardan olingan oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil davomida uzluksiz ta’minlash masalalari bilan bog‘liq holda ko‘rganman. Xuddi shu hissiyot meni Odessa texnologik oziq-ovqat va sovitkichlar institutiga o‘qishga olib kelgan.
– Biznesingizning hozirgi holati haqida ma’lumot bersangiz. Tadbirkorlik faoliyatingiz iste’molchilarga qanday naf berdi?
– Tashkilotimizning nomi “Toshkentvino kombinati” deb atalgani bilan aslida keng tarmoqli korxona hisoblanadi. Kombinat tarkibida “Bektemir” (alkogol, salqin ichimliklar va mineral suv), “Yangiyo‘l” (aroq, likyor-aroq mahsulotlari, konyak, viski, vino, konyak spirti), “Baxmal” (aroq, vino, konserva), “Xo‘jaobod” (aroq, vino), “Zomin Brewery” (pivo), Bektemir spirt, “Kampaliya” shisha zavodi kabi tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar bor.
Joylarda uzumni qabul qilib olib, unga dastlabki ishlov beradigan “Baxmal” (Baxmal tumani), “Ulug‘bek” (Oltinsoy tumani), “Asaka” (Asaka tumani), “Do‘stlik-1” (Bo‘stonlik tumani), “Do‘stlik-2 ” (Yangiqo‘rg‘on tumani), “Qibray” (Qibray tumani), “Zangiota” (Zangiota tumani), “Abdurahmonov” (Toshkent tumani), “Xalqobod” (Yangiyo‘l tumani), “Xo‘jaobod” (Xo‘jaobod tumani), “Charos” (Parkent tumani), “Hosilot” (Qibray tumani) uzumni birlamchi qayta ishlash punktlari faoliyat ko‘rsatadi.
Yangiyo‘l tumanida “Toshkent trikotaj fabrikasi” ishga tushirildi. Korxona 220 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Unga Yaponiya, Germaniya, Italiya, Xitoy va Turkiyadan zamonaviy dastgohlar olib kelindi. Fabrikada o‘nlab turdagi sifatli va bejirim kiyim-kechak hamda boshqa to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Xo‘jaobod tumanida yirik logistik markaz, Yuqori Chirchiq tumani Bardanko‘l MFYda (600 tonnali), Toshkent shahrida (4000 tonnali) va Zomin tumanida (1000 tonnali) zamonaviy muzlatkichlar qurildi.
Kombinat tizimida shishalarni dizayn qilish sexi, xomashyo va tayyor mahsulot tashishga mo‘ljallangan 100 ta avtomobildan iborat maxsus avtopark ham bor.
Kombinat o‘z xomashyo bazasini yaratishga harakat qiladi. Jumladan, Jizzax viloyati Zomin tumanida jami 804 gektar ekin maydoni bor. Shundan 500 gektar tokzor “Zomin Brewery” pivo zavodiga qarashli. Zominning boshqa hududida 273 gektar tokzor va 30 gektar mevali bog‘ tashkil etilgan. Baxmal tumanida 198 gektar tokzor, 56 gektar mevali bog‘, Bo‘stonliq tumanida 18 gektar tokzor, 10 gektar sabzavot plantatsiyalari, Yuqori Chirchiq tumanida 87 gektar olma va 18 gektar gilos bog‘lari, Ohangaron tumanida 39 gektar olma va 3 gektar sabzavot, Yangiyo‘l tumanida 30 gektar tokzor, 248 ga mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilgan. Ular tomchilatib sug‘orish tizimi va shpallerlar bilan jihozlangan.
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 64 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi, dehqon (oziq-ovqat) bozori, Bektemir tumanida umumiy qimmati 65 mln dollar bo‘lgan Food city yirik savdo majmuasi (gipermarket) barpo etildi.
Kombinat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan ob’yektlar meva va sabzavotni o‘z vaqtida va sifatli qayta ishlash, ulardan yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlari bilan aholini yil davomida uzluksiz ta’minlash, xorijga katta miqdorda tayyor mahsulot eksport qilish imkoniyatini keskin oshirdi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratdi, byudjetning yirik soliq to‘lovchilaridan biriga aylandi.
– Plastik idishdagi suv ichish allaqachon oddiy holga aylanib qoldi. Lekin aynan siz Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib ichimlik suvini plastik idishga quyishni boshlagansiz. Bu loyiha qanday paydo bo‘lganligi haqida gapirib bersangiz.
– Tadbirkor hamisha yangilikka intilib ishlashi kerak. Qadimdan o‘zbek tadbirkorlari butun mintaqada, qolaversa, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ishbilarmonligi bilan yetakchi bo‘lib kelishgan. Agar shunday qilmasa, uning biznesi tezda tanazzulga uchrashi mumkin. Men 1993-1997 yillarda Andijon shahrining yonginasidagi Kuyganyor qishlog‘ida joylashgan “MASK” qo‘shma korxonasi bosh direktori bo‘lib ishlaganimda shu ishni amalga oshirganman. “MASK” O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasi, asosan, tomat qaylasi, ketchup, gazli va gazsiz suv tayyorlash bilan shug‘ullanardi. U paytlar mineral suvlar faqat shisha idishlarda qadoqlanardi. Ishlab chiqaruvchilar ham, iste’molchilar ham bunga allaqachon ko‘nikib bo‘lgandi. Xorijga chiqqanimda mineral suvni yelim (plastik) idishga quyilganligini ko‘rdim. Menda o‘sha paytdayoq buni qo‘shma korxonamizda yo‘lga qo‘yish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu bo‘yicha o‘rganishlarimdan bildimki, Markaziy Osiyoning birorta davlatida mineral suvni plastik idishga qo‘yish usuli hali yo‘q ekan. Agar buni amalga oshirilsa, yuqori daromad olib kelishi aniq edi. Bir necha oy jarayonga tayyorgarlik ko‘rdik, keyin Italiyaning “VIRMAURI” firmasidan mazkur texnologiya va texnika vositalarini olib kelib, zavodda o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. 0,250 litr, 0,5 litr va 1,5 litrlik plastik idishlarga solingan suvlar sotuvga chiqarildi. Plastik idishlar va ularning qopqoqlarini ishlab chiqarish ham “VIRMAURI” firmasi bilan hamkorlikda Kuyganyorda yo‘lga qo‘yildi.
Tan olish kerakki, bu loyiha o‘ta muvaffaqiyatli bo‘ldi. U O‘zbekistonning barcha viloyatlarida, ayniqsa, o‘sha paytlar toza ichimlik suvi tanqis bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida juda mashhur bo‘lib ketdi. Mahsulotning idishi va uni uzoqqa tashish xarajatlari ham shisha idishga nisbatan ancha arzon edi. Shu bois uni xorijga eksport qilish juda qulay edi. O‘sha paytlar qo‘shni davlatlarga “Tyan-Shan” mineral suvini juda katta miqdorda sotganmiz. Bu biznesni hamon davom ettirib kelyapmiz.
Plastik idish haqida gap ketarkan, kombinat o‘z mahsulotlarini qanday qilib o‘zi ishlab chiqarayotgan shisha idishlarga qadoqlashni tashkil qilganligi haqida ham so‘z yuritish to‘g‘ri bo‘ladi. Gap shundaki, avvallari alkogol, salqin ichimlik va mineral suvlar quyiladigan shisha idishlarning turi juda kam, ko‘rinishi xunuk va sifatsiz bo‘lardi. Ularning ham katta qismi Rossiya va boshqa davlatlardan olib kelinardi. “Toshkentvino kombinati” ushbu masalada ham mamlakatimizda juda katta o‘zgarishni amalga oshirdi. Kombinatda ishlab chiqariladigan barcha ichimliklarni o‘zimizning shisha idishlarimizga quyishni tashkil etdik. Idishlar bejirim, sifatli, hatto san’at asari darajasida chiroyli qilib ishlab chiqarila boshlandi. Shisha idishlarga bo‘lgan ehtiyojimizni o‘zimiz to‘la qoplaganimiz import o‘rnini bosib, ilgari xorijdan sotib olishga sarflanayotgan katta miqdordagi valyutani tejab qolish imkoniyatini yaratdi.
– Biznesingizning ijtimoiy ahamiyatini qanday baholash mumkin? Kombinatingiz ehtiyojmand guruhlarga nisbatan qanday ijtimoiy siyosat o‘tkazadi? Xodimlaringizning ijtimoiy paketlari va daromad darajasi qanday?
– Biznesimning ijtimoiy ahamiyatini ko‘p tomonlama baholash mumkin. Avvalo, kombinat va uning tizimiga kiradigan korxona va tashkilotlarda ko‘pchilik yuqori maoshli ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, biz yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiramiz va davlat byudjetiga juda katta miqdorda soliq to‘laymiz. “Toshkentvino kombinati” rahbariyati ishchi va xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasini tuzgan. Mazkur shartnomada qator moliyaviy choralar belgilangan. Jumladan, ishchi va xodimlarga yiliga bir marta mehnat ta’tiliga qo‘shimcha imtiyozli ta’til beriladi.
Kombinat barcha xodimlarining sog‘liqlarini nazorat qilish va tiklash maqsadida o‘z hisobidan yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaztiradi. Ishchi xodimlar har yili qishki va yozgi maxsus kiyim-bosh bilan bepul ta’minlanadi. Kam ta’minlangan xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Tug‘ruq nafaqasi to‘lanadi. Ishchi-xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi sanatoriylarida, farzandlariga bolalar oromgohlarida dam olish sharoitlari yaratiladi. Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oila qurayotgan ishchi xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar beriladi. Xodimlar farzandlarining kontrakt pullari to‘lab beriladi. Bayramlar tashkil qilinadi, barchaga sovg‘alar ulashiladi.
– Siz katta tajribaga ega, xalqaro darajadagi tadbirkorsiz. Shu bois, tadbirkor nuqtai nazaridan sobiq sho‘ro, 2016 yilgacha bo‘lgan davr va bugungi vaziyatni qanday baholaysiz?
– Bu juda og‘riqli savol. Negaki, salohiyati juda yuqori, lekin sho‘ro davrining tadbirkorlik oldiga qo‘ygan to‘siqlari tufayli “singan” juda ko‘p tanishlarim bo‘lgan. Hamma sohada bo‘lgani kabi sho‘rolar ota-bobolarimizning tadbirkorlik tafakkuri va salohiyatini ham yo‘q qilish yo‘lini topdi, yirik boylarimizning barcha moddiy boyligini tortib olib, o‘zlarini jismonan mahv etdi. Boylarning bir qismi xorijga chiqib ketdi. O‘rtahol dehqon va hunarmandlarning ham molu mulklarini olib qo‘yib, o‘zlarini uzoq o‘lkalarga surgun qilishdi. Xullas, asrlar davomida yuksak tadbirkorlik salohiyati bilan olamni hayratga solib kelgan xalqimiz sho‘rolar davrida bu xislatini yo‘qota boshladi.
To‘g‘ri, mustaqillikning ilk davrida bu borada birmuncha ishlar qilindi. Lekin xalqimizda tadbirkorlik tafakkurini qayta tiklash masalasi kun tartibiga qo‘yilmadi. Tadbirkor bo‘lish juda murakkab ishligicha qolaverdi.
Davlatimiz rahbarining “Harakatlar strategiyasi”da qayd etib qo‘yilgan “Agar xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan olijanob g‘oyalarining ahamiyatini dunyoqarashimizda inqilob qila oladigan darajada yuqori, deb hisoblayman. Prezidentimiz bu shiorni olg‘a surish bilangina cheklanib qolmasdan, xalqimizning tadbirkorlik tafakkurini qaytadan tiklash va yuksaltirish borasida ham ulkan amaliy tadbirlarni hayotga tatbiq etmoqda.
Buning uchun, eng avvalo, tadbirkorlikni keng rivojlantirish va tadbirkorlarning huquqini himoya qilishning butunlay yangi va zamonaviy talablarga javob beradigan mexanizmi yaratildi. Shu maqsadda yangi qonunlar va tartiblar ishlab chiqildi, mavjudlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma olish tizimi soddalashtirildi, ko‘pgina tadbirkorlik yo‘nalishlariga litsenziya olish umuman bekor qilindi. Avvallari tadbirkorlikni boshlash uchun bir necha oy davomida o‘nlab tashkilotlardan yig‘iladigan hujjatlarni bitta joydan – Davlat xizmatlari agentligidan “yagona darcha” tamoyili asosida qisqa muddatda olish imkoniyati joriy etildi.
Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini ta’minlash tizimi yaratildi. Tadbirkorlik sub’yektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha rahbarlar tadbirkorlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlashmoqda.
– Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tayyorlangan qaysi farmon, qaror va chora-tadbirlar sizning biznesingizga samarali ta’sir ko‘rsatdi?
– Tadbirkorlikni rivojlantirish, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xorijdan uskuna va jihozlarni import qilishda boj to‘lovlaridan ozod qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tayyorlangan ko‘plab farmon, qaror va chora-tadbirlar biznesimizga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, 2016 yilgacha bo‘lgan davrda xorijga mahsulot eksport qilish talabi qo‘yilardi, lekin eksportdan kelgan tushumning katta qismini Markaziy bank kursi bo‘yicha davlatga sotishga majbur edik. Ya’ni eksport qilganimiz uchun amalda jazolanardik. Bu kabi to‘siqlar juda ko‘p edi.
Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlik va, ayniqsa, eksport qiluvchi tashkilotlar oldida turgan barcha to‘siqlar olib tashlandi, qulayliklar yaratildi va ko‘plab imtiyozlar berildi. Natijada eksport hajmi va geografiyasi keskin oshdi. Buni xorijga eksport qilish eng qiyin bo‘lgan mahsulot turi bo‘lgan alkogol mahsulotlari misolida ko‘rib chiqaylik. 2016 yil kombinat chetga 3,7 mln dollarlik alkogol mahsulotlari sotdi. Bu ko‘rsatkich miqdori yil sayin oshib bordi va 2023 yil 12,7 mln dollarga yetdi.
Kombinat mahsulotlari AQSh, RF, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Isroil, Latviya, Estoniya, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston. Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Mahsulotlarning sifati yuqori, ular xalqaro tanlovlarda juda ko‘p medallar olgan. Jumladan, Guanjou xalqaro konkursida (2015 yil) “Farg‘ona” vinosi oltin, “Toshkent” vinosi kumush, “Yalta. Oltin grifon-2015” xalqaro konkursida “O‘zbekiston” konyagi Gran-pri, “Farg‘ona” va “Kagor” vinolari oltin medallar bilan taqdirlangan. Kombinat mahsulotlari xalqaro va milliy tanlovlarda bunday mukofotlarga juda ko‘p marta sazovor bo‘lgan. Xususan, 2015 yil Xitoyning Guanjou shahridagi auksionda kombinatning “Farg‘ona” navli bir shisha vinosi 3000 dollarga sotilgan. Demak, kelgusida eksport miqdorlarini yanada oshirish imkoniyatlari mavjud va ulardan unumli foydalanish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yilning 3 iyun kuni imzolangan “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmoni ham bizning biznesimiz uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadi. Chunki alkogol va tamaki mahsulotlarini ruxsatsiz, ya’ni qalbaki ishlab chiqarish iste’molchilar sog‘lig‘iga ham jiddiy zarar yetkazadi. Mazkur farmonda alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etish, ularning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, biznesni yuritish uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish chora-tadbirlari belgilandi. Alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va aylanmasining oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish, bunga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida vakolatli organlar bilan hamkorlikni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugungi kunda qanday loyihalarni rejalashtiryapsiz? 2024 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?
– Mamlakatimizda so‘nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlardan foydalanib, qator yirik loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Shulardan biri haqida kengroq axborot berib o‘tishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Bektemir tumanida “ECO MILL COMPANY” mas’uliyati cheklangan jamiyatini barpo qilyapmiz. Mazkur loyiha yiliga 70 ming tonna donni qayta ishlash quvvatiga ega tegirmon, 17 ming tonna turli xil qisqa makaron mahsulotlari va 4 ming tonna spagetti makaroni ishlab chiqarish quvvatiga ega. Maqsadimiz mamlakatimiz aholisiga va qo‘shni davlatlarga eksport qilish uchun yuqori sifatli un va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish hisoblanadi. Asbob-uskunalar yuqori texnologiyali va ular Turkiyadan olib kelinadi. Bu loyihani amalga oshirish uchun binolar bizda avvvaldan borligi uchun unga ortiqcha xarajat qilmaymiz. Asbob-uskunalar sotib olish va ularni o‘rnatishga 70 mlrd so‘m atrofida mablag‘ sarflashni rejalashtirganmiz. Yurtimizda 2024 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bizni ilhomlantirmoqda va kelgusida amalga oshirish uchun qator loyihalar ustida ish olib boryapmiz.
– Biznesga kirib kelayotgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
– Yangi O‘zbekistonda tadbirkor bo‘lish uchun juda katta imkoniyatlar yaratildi. Davlat o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘layotgan yoshlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash tizimini barpo etdi. Ularga start kapitali berilmoqda, kredit olishda imtiyozlar taqdim etilmoqda. Lekin davlat har qancha yordam bermasin, inson o‘zi harakat qilmasa, qattiq mehnat qilmasa, tadbirkorlikda katta natijalarga erishish qiyin.
Shuning uchun bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun odam, eng avvalo, yaxshi bilim olishi, tinmay o‘qishi, izlanishi kerak. Xorijiy tillarni bilish ham juda muhim. Chunki tadbirkor biznesini xalqaro miqyosga olib chiqishi uchun hech bo‘lmasa, ingliz tilini o‘rganishi kerak. Alohida bir davlat, aytaylik, Koreya bilan hamkorlik qilish niyati bo‘lsa, koreys tili, tarixi, madaniyati va urf-odatlarini bilishi uning ishiga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.
Biznesda yolg‘iz otning dong‘i chiqishi qiyin masala. Ya’ni katta natijalarga ko‘pchilik bo‘lib erishiladi. Demak, bilimli, saviyali, izlanuvchan odamlardan jamoa tuzish va uni oqilona boshqarish sirlarini egallash maqsadga muvofiq. Biznesda milliy qadriyatlarimizni chuqur bilish, ularga rioya qilish juda muhim, lekin umuminsoniy an’analar, standartlarni bilishning ham ahamiyati katta.
Yana bir haqiqatni hech qachon yodingizdan chiqarmang. Yiqqan boyligingizdan u dunyoga bir misqol ham olib ketolmaysiz. Yaxshi daromad ko‘rishingizda jamoangizning yordami katta ekanini unutmang. Saxovatli bo‘ling, jamoa a’zolariga hamisha yordam qiling, ularning issiq-sovug‘idan xabar olib turing. Tadbirkor hech qachon jamoasini o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkin emas. O‘zida ana shunday xislatlarni paydo qila olgan yoshlarimizda muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lish imkoniyati yuqori bo‘ladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish davlatning eng ustuvor vazifalaridan biriga aylantirilgan Yangi O‘zbekistonda, albatta, muvaffaqiyatlarga erishasiz!
Odil Olimjonov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №7/2024
Izoh qoldirish