O‘sishga intilish sari: ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgarmoqda - Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

O‘sishga intilish sari: ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgarmoqda - Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) o‘zining navbatdagi sharhida ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Noyabr oyida ko‘chmas mulk savdosi 4 foizga oshdi, bu avvalgi oyga nisbatan 800 ta uy-joyga ko‘proq.

Oy davomida faollikning eng ko‘p o‘sishi Xorazm – 23 foiz, Namangan – 16 foiz va Jizzax viloyatlarida – 12 foiz qayd etildi.

Yil davomida uy-joy savdosi 10%ga kamaydi. Faollikning eng ko‘p pasayishini ko‘rsatgan hududlar Navoiy va Jizzax viloyatlari bo‘lib, mos ravishda 23% va 18%ga pasaygan. Poytaxtda sotuvlar o‘tgan yilga nisbatan 24%ga kamaydi.

1-rasm. Ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalar sonidagi o‘zgarishlar dinamikasi

Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat

Noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi oktyabr oyidagi 9,5 dollarga nisbatan 2,1%ga biroz pasaydi va 1 kv.m. uchun 9,3 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning 11 ta tumanidan 10 tasida ijara narxining pasayishi qayd etildi.

Ijara uchun eng qimmat hududlar Shayxontohur (kv.m. $11,6), Yakkasaroy ($10,9) va Mirobod ($11,5) tumanlari bo‘ldi.

Poytaxtdagi uy-joy ijarasi Uchtepa ($8,1), Sergeli ($7,1) va Bektemir ($6.2) tumanlarida eng maqbul narxlarda qolmoqda.

Shu bilan birga, poytaxtda o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 6,1 foizga kamaydi. Yil boshidan buyon ijaraning o‘rtacha narxi 9,2%ga kamaydi.

Poytaxtda ijara narxi bir oy ichida faqat Bektemir tumanida 3,7%ga oshdi.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori

Noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi bir kv.m. uchun 0,7%ni tashkil etdi, o‘tgan yilning noyabr oyidan buyon ikkilamchi uy-joy narxi deyarli 18,2%ga oshdi.

Yil davomida Xorazm – 32,9%, Toshkent – 31,0% va Buxoro – 26,9% viloyatlarida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Toshkent shahrida noyabr oyi davomida ikkilamchi uy-joy narxi 0,4%ga oshdi. Poytaxtda narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Shayxontohur – 1,7%, Yunusobod – 1,6% va Sergeli – 1,5% tumanlarida kuzatildi.

Yil davomida poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 22,8%ga oshdi.

2-rasm. Toshkent shahri va hududlarning ma’muriy markazlarida ikkilamchi uy-joylar narxlarining o‘zgarishi (1 kvadrat metr uchun AQSh dollarida)

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorini ko‘rib chiqish Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulkning bozorlaridagi faollik dinamikasini taqdim etadi. Ma’lumotlar hisobot oyi uchun ham, yil boshidan hisobot oyigacha bo‘lgan davr uchun ham taqdim etiladi. Bundan tashqari, bozor dinamikasini kuzatish uchun o‘tgan yilning shu davriga oid ma’lumotlar taqdim etiladi.

Darya Miroshnikova,

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar