O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari (MIX) birinchi marta e’lon qilindi.
Bu ko‘rsatkich kambag‘allik chizig‘ini aniqlash va aholi ehtiyojlarini hisobga olish uchun ishlatiladi.
MIX kishi boshiga oyiga 440 ming so‘mni tashkil etadi.
Bugun, 31 may kuni AOKAda "O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari to‘g‘risida" matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari e’lon qilindi.
Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini ta’minlash, iqtisodiy rivojlanish jarayonlaridan aholining barcha qatlamlarini, shu jumladan kam ta’minlangan aholining manfaatdorligini oshirish, xususan kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarning manzilliligini ta’minlash maqsadlarini inobatga olib, xalqaro tajribadan foydalangan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari amalga oshirildi.
Mazkur ko‘rsatkichni hisoblashda:
· davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash uchun mo‘ljal ko‘rsatkichni joriy etish;
· minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
· kambag‘alikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzililigini oshirish, shuningdek ularning doimiy monitoringini yuritish;
· pensiyalar va pensiya jamg‘armasi orqali beriladigan nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek ushbu yondashuvdan target guruhdagi aholiga davlatning boshqa turdagi moddiy ko‘maklarini ko‘rsatishda mezon sifatida foydalanish bo‘yicha maqsad va vazifalardan kelib chiqildi.
Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki ko‘magida 2020 yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazildi.
Bunda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olindi.
So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (joriy yildagi narxlar o‘zgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi.
Hisoblangan minimal iste’mol xarajatlarining jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YaIM) 26,8 foiz bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4-20 foizni tashkil etadi.
Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash tajribasini yakuniga yetkazish maqsadida 2021 yilda Davlat statistika qo‘mitasi Jahon banki bilan birga 10 mingta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.
Mazkur so‘rovnomalar natijasidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar minimal iste’mol xarajatlarni hisoblash metodologiyasini tasdiqlash va uni qayta hisoblangan miqdorini e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda.
Izoh qoldirish