Murojaatnomada oldinga surilgan yana bir muhim masala – mamlakatimizda kelgusi yillarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atini ta’minlash hisoblanadi. Prezidentimiz aytib o‘tganlaridek, iqtisodiy o‘sish doimiy ravishda yangi tovarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va umumjahon ishlab chiqarish zanjirida yuqoriga qarab ilgarilashni taqozo etadi.
Shu ma’noda, Prezidentimiz o‘z murojaatida chuqur tadqiqot asosida aniqlangan va barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan neft-gaz, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal sohalar iqtisodiyotimizning “drayverlari”ga aylanishi uchun 2021-yilda qanday ishlar qilinishi kerakligini haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Xususan:
- Yuqoridagi sohalarda jami qiymati 23 mlrd dollarga teng bo‘lgan investitsiyalar o‘zlashtirilishi va 226 ta yirik sanoat va infratuzilma ob’yektlari ishga tushirilishi;
- Investitsiya siyosatida davlat ishtiroki pasaytirilib, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ulushi oshirilishi;
- Keyingi yilning 1 apreliga qadar istiqbolli klasterlar ro‘yxati aniqlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilishi;
- “Bojxona hududida qayta ishlash rejimi”da sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘paytirilishi;
- Geologiya sohasida 50 ta kon va istiqbolli maydonlar auksionlar orqali investorlarga sotilishim qayd etildi.
Bu borada Prezidentimiz o‘z murojaatlarida Garvard universtiteti tadqiqoti haqida to‘xtalib o‘tdilar. Mazkur tadqiqot Xausman va Idalgoning “Iqtisodiy murakkablik” nazariyasi asosida o‘tkazilib, turli davlatlardagi ishlab chiqarish modellari tahlil qilingan holda har bir davlat uchun “Iqtisodiy murakkablik indeksi” yaratilgan. Shu bilan birga, mazkur tadqiqot asosida har bir davlat uchun ham ishlab chiqarish imkoniyati, ham kelgusidagi iqtisodiy samarasi yuqoriligi nuqtai nazardan yaratilishi mumkin bo‘lgan yangi tovarlar ro‘yxati shakllantirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tadqiqot yuqori o‘sishga erishish uchun mamlakatning sanoat siyosati strategiyasi qanday bo‘lishi kerak degan savolga javob beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Iqtisodiy murakkablik indeksi” reytingida O‘zbekiston 80-o‘rinni egallab, o‘tgan o‘n yillikda 9 bandga yuqorilagan. Taqqoslash uchun, bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur indeksning yana bir muhim jihati – qanchalik indeks yuqori bo‘lsa, shunchalik mamlakatning daromad darajasi yuqori bo‘ladi. Mazkur reytingdagi o‘rnidan kelib chiqib, institut keyingi 10 yillikda O‘zbekistonning yillik iqtisodiy o‘sishi o‘rtacha 4,5% bo‘lishini kutmoqda va tahlil o‘tkazilgan 133 mamlakat orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan (23 o‘rin) biri hisoblanadi. Yana bir e’tiborga molik holat, 2003 yildan buyon eksport qiluvchi tovarlar soni yangi 23 ta tovarga ko‘paygan. Misol uchun, shu yillar davomida yangi tovarlar soni Qozog‘istonda – 15ta, Pokistonda - 21ta, Tojikistonda 10tani tashkil etgan.
Murojaatda keltirilgan yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirib, pirovardida aholining turmush farovonligini oshiradi.
Izoh qoldirish