Bu jarayonda poytaxt aholisidan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik kabi sohalar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aytaylik, Olmazor tumani “Chilto‘g‘on” mahallasida yashovchi Nigina Ahmedova Usta olim ko‘chasida avtomobillar serqatnovligi oqibatida aholiga noqulaylik tug‘ilayotgani, yo‘l-transport hodisalari yuz berayotgani aytilib, hududda rejalashtirilgan yo‘l usti piyodalar ko‘prigi qurilishini tezroq boshlab, bitirib berishda amaliy yordam so‘ralgan. Shu mazmundagi murojaatlar tegishli tashkilotlar hamkorligida ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida tegishli dasturlarga taklif kiritilib, 2022 yil iyuldan mazkur yo‘l usti ko‘prigini bunyod etish ishlari boshlandi. Ayni paytda qurilish ishlari olib borilmoqda.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi qadimiy manzillaridan biri “Ko‘kcha” mahallasi 7-Qo‘rg‘oncha ko‘chasida esa shu paytgacha oqava suv tarmog‘i yo‘q edi. Aholining poytaxtimizdagi ommaviy qabullardagi murojaatidan so‘ng bu boradagi ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ga asosan bugun mazkur ko‘chada 850 pogonometr oqava suv tarmog‘i tortilyapti, 2 ta oqava suv haydash nasosi o‘rnatiladi. Bu bilan 67 ta xonadonning 60 yillik masalasi nihoyat barham topyapti.
Sergeli tumanidagi No‘g‘ayqo‘rg‘on mahallasi Sa’diy ko‘chasi aholisidan kelib tushgan murojaatlarda esa elektr tarmoqlaridagi muammolarga yechim topish kun tartibiga qo‘yilgan edi. Aholi soni, ishlab chiqarish quvvatlari oshgan bo‘lsa-da, transformator almashtirilmagani tez-tez uzilishlarga sabab bo‘lar, bu esa, tabiiyki, odamlarning xunobini oshirardi. Bu boradagi murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilgach, chindan ham No‘g‘ayqo‘rg‘on va Qubaytepa mahallalarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformator zo‘riqib ishlayotgani aniqlandi. Va dastur asosida ayni paytda 400 kilovolt-amper o‘rniga quvvati 630 kilovolt-amperli yangi transformator o‘rnatilmoqda.
Mavzuni Sergeli tumani Qo‘yliq 6 massividagi 15-uy misolida davom ettirsak, 1970-yillarda qurilgan bu uyda 200 ga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadigan lift ham allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan, uning nosozligi bois yuqori qavatdagi nuroniylar havo olish uchun oyda bir ko‘chaga chiqishga ham majbur bo‘layotgandi. Shu uyda yashovchi Xurshida Tovboyeva va boshqalarning murojaatlari asosida bu masala ham manzilli dasturga kiritilgach, mazkur uyda ham ancha vaqtdan beri kutilgan yangi lift o‘rnatish ishlari boshlandi.
Shayxontohur tumani “Qoratosh” mahallasidagi 104-, Chilonzor tumani 16-mavzedagi 16-uylar yashovchi aholini ham ayni shu masala anchadan beri bezovta qilayotgan edi. Murojaatlardan so‘ng bu uylardagi foydalanilayotganiga 30 yildan oshgan, belgilangan muddatidan ham 5 yildan ziyod vaqt xizmat qilgan eski liftlar ham ayni kunlarda yangilanmoqda.
Olmazor tumani Noroztepa ko‘chasidagi 1-uyda 1980 yillarda o‘rnatilgan liftlar ham birin-ketin yangisiga almashtirilgach, 81-xonadonning mushkuli oson bo‘ldi.
Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalarining ham mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari-yu xotin-qizlar faollari bilan uyg‘un faoliyat olib borayotgani, ularning boshini birlashtirayotgani mahallalardagi ko‘plab tizimli muammolarga yechim topish imkonini bermoqda. Deylik, O‘zbekiston badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston san’at arbobi, professor Sa’dulla Abdullayev ko‘p yillar Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida mehnat qilgan. Sa’dulla akaning qizi Fotima ham ota kasbini tanladi, tez orada san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini himoya qiladi. Yosh iste’dod egasi uchun esa amaliyot nihoyatda zarur edi. Fotima Abdullayeva ayni shu masaladagi murojaati sektor va mahalla mas’ullari bilan birga ko‘rib chiqilgach, unga “Kamolon” mahallasidagi 34-maktabning bo‘sh turgan yerto‘lasida dizaynerlik yo‘nalishida o‘quv kursi tashkil qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Yerto‘ladan joy ajratilib, xonalar ta’mirlandi, 33 mln. so‘mlik imtiyozli kredit evaziga zarur jihozlar olindi. Natijada bugun o‘nlab oilalar farzandlari bu yerda dizaynerlik sir-asrorini o‘rganmoqda.
Yog‘och o‘ymakorligi hadisini olgan yosh hunarmand Jamshid G‘ulomovning ham shu mazmundagi murojaatidan so‘ng unga ham “Kamolon” mahallasidagi 84-maktabning bo‘sh turgan yerto‘lasidan joy ajratildi. Bu yerda mo‘’jaz ustaxona va to‘garak tashkil qilgan yosh hunarmand o‘nlab yoshlarga yog‘och o‘ymakorligidan saboq bermoqda.
Asli tibbiyot xodimi bo‘lgan Ma’mura Muhrimovaga ham shu yerda jismoniy tarbiya kursini tashkil etishda ko‘maklashildi. Bugun Ma’mura opa jismoniy rivojlanishi nisbatan past bo‘lgan 20 dan ortiq bolalar bilan mashg‘ulotlar olib bormoqda.
Har bir kishi og‘ir vaziyatga tushar ekan, birinchi navbatda, davlatdan yordam kutadi. Kutilgan ko‘mak qo‘li cho‘zilganda esa inson shu jamiyatda o‘z o‘rni, o‘z qadri borligini anglaydi. Ota-onasidan erta ajrab, buvisining qo‘lida ulg‘aygan olmazorlik Abdug‘affor Ibodov ham parrandachilikka qiziqdi, shu yo‘nalishdagi fabrikalarda ishlab, tajriba orttirdi. So‘ng o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi. Tuman sektorlari rahbarlarining sayyor qabulida Abdug‘afforning ham dekorativ jo‘jalarni ko‘paytirishga oid biznes-loyihasi ma’qullandi. 20 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Bu pulga inkubator va tovuq qafaslari xarid qilgan yigitcha jo‘ja parvarishlashga kirishib ketdi, o‘z daromad manbaiga ega bo‘ldi, tadbirkor bo‘ldi.
Ha, murojaatlaridan so‘ng hayotida real o‘zgarishlar bo‘layotgan bu kabi ko‘plab taqdirlarni bir jihat – davlat qo‘lloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish yakdilligi birlashtirib turibdi. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi amalda qaror topayotganini, xalq bilan muloqot instituti eng quyi bo‘g‘inlargacha kirib borib amaliy o‘zgarishlar-u yangilanishga asos bo‘layotganini har kuni ming-minglar yurtdoshimiz o‘z kundalik hayotida ko‘rmoqda, sezmoqda. Xalqimiz davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ularning o‘zi ekanini o‘z turmushida his etmoqda. Real hayotiy masalalarning amalda hal qilib berilishi esa har bir insonning ertangi kunga, adolat va haqiqat kuch-qudratiga ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Izoh qoldirish