2022 yil yakunlariga ko‘ra, aholining umumiy daromadlari 634,8 trln. so‘mni va nominal o‘sish ko‘rsatkichi 122,3%ni tashkil etdi. Bunda, iste’mol narxlarining o‘zgarishi (narxlar o‘zgarishi omillari ta’siri) hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholini umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 109,7%ni tashkil etdi.
Mazkur ko‘rsatkich hududlar kesimida o‘rganilganda, aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahrida (37518,0 ming so‘m), Navoiy (27420,4 ming so‘m), Buxoro (21382,0 ming so‘m), Xorazm (19643,5 ming so‘m) va Toshkent (18129,4 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmining eng past ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (13253,4 ming so‘m), Farg‘ona (13607,9 ming so‘m) va Namangan (13880,7 ming so‘m) viloyatlari hisobiga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, hisobot davrida aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi (nominal umumiy daromadlarining inflyasiya indeksiga nisbati) 107,5%ni tashkil etib, 2021 yilning yanvar-dekabr oylaridagi xuddi shu ko‘rsatkichga (110,7%) nisbatan 3,2%ga pasayganligini ko‘rish mumkin.
Hududlar kesimida aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sish holati o‘rganilganda, aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sish ko‘rsatkichi Xorazm (11,8%) viloyatida kuzatildi. Shu bilan birga, Sirdaryo (6,0%), Buxoro (5,7%) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (5,2%), Jizzax (3,2%) va Toshkent (0,1%) viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi. Qolaversa, Navoiy viloyatida (- 0,9%) aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sish sur’atlari pasayish tendensiyasi qayd etildi.
Bundan tashqari, aholining umumiy daromadlari tarkibi tahlil qilinganda, olingan umumiy daromadlarning 61,6% (2021y.-65%) mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma va mustaqil band bo‘lishdan olingan daromadlar), 29,8% (2021y.-26,2%) byudjet transferti va boshqa o‘tkazmalardan olingan daromadlar, 6,3% (2021y.-6,7%) shaxsiy iste’mol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlar va 2,3% (2021y.-2,1%) mol-mulkdan olingan daromadlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur ko‘rsatkich hududlar qirqimida kuzatilganda, umumiy daromadlar tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Navoiy (77,9%), Toshkent (73,7%) va Jizzax (73,5%) viloyatlarida, aksincha Samarqand, Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkich kuzatildi.
O‘z navbatida, aholining daromadlari tarkibi tarmoq va sohalar kesimida tahlil qilinganda, umumiy daromadlar tarkibida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi respublika bo‘yicha 56,9%ni, bunda eng yuqori ulush Jizzax viloyatida (67,9%) kuzatildi, eng past ulush esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (50,9%), Navoiy viloyati (49,8%), Toshkent shahrida (47,3%) qayd etildi. Qolgan hududlarda ushbu ko‘rsatkich, Buxoro (62,9%), Namangan (60,5%), Xorazm (60,2%), Andijon (59%), Qashqadaryo (59,6%),%), Toshkent (59,5%), Samarqand (59,1%), Surxondaryo (59,1%), Sirdaryo (58,9%), Farg‘ona (57,3%) viloyatlarida tashkil etdi.
Izoh qoldirish