Xalq roziligi uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilinmoqda

Xalq roziligi uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilinmoqda

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Qashqadaryo viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda ham inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilish, xalq manfaatini amalda ta’minlash nainki asosiy mezon, balki pirovard maqsad bo‘ldi.

Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Bosh prokuratura va o‘ttizga yaqin vazirliklar-qo‘mitalar mas’ullaridan tarkib topgan Respublika ishchi guruhining viloyatdagi muloqotlarida odamlarni o‘ylantirayotgan har bir masalani o‘rganish va murojaatlarda aytilayotgan muammolarga yechim topish uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi.

Qabullar jarayonida tadbirkorlik, kredit ajratish, mehnat va bandlik yo‘nalishidagi har bir masalani hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sababi bir insonning ishli bo‘lishi – bir oilaning daromadli bo‘lishi degani.

Deylik, Kitob tumanidagi “Asl konserva” korxonasi yiliga 500 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega. Korxona boshqaruvchisi Shohjahon Nazarov Bosh prokuratura mas’ullaridan xom ashyo sotib olish uchun kredit ajratishda amaliy yordam so‘radi. Murojaatdan so‘ng bu masala hududiy mutasaddilar bilan birga ko‘rib chiqilib, korxonaga 650 million so‘m mablag‘ ajratib beriladigan bo‘ldi.

Kasbilik Azmiddin A’lamov 4 yildan buyon tadbirkorlik qiladi. Gidroponika usulida 2,5 gektar yerda issiqxona qurib, 20 nafardan ziyod insonni ish bilan ta’minlagan. Har yili ichki bozorga 100 tonnagacha pomidor yetkazib beradi. Faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha 1 gektar yerda issiqxona tashkil etishni niyat qilgan tadbirkorning 350 ming dollar kredit olish bilan bog‘liq masalasiga ham shu yerda yechim topildi.

G‘uzor tumanidagi “Jonbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Faxriddin Xudoyberdiyev mahallasida davlat-xususiy sherikchilik asosida “Jonbuloq pahlavonlari” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo qilayotgan tadbirkorga amaliy yordam berishni so‘radi. Murojaatdan so‘ng mazkur nodavlat bolalar bog‘chasi barpo qilish uchun tadbirkorga 7 yilga ikki yillik imtiyozli davr bilan 2 milliard so‘mdan ziyod 5 foizli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Bu bilan 17 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, jonbuloqlik 100 nafar bola maktabgacha ta’limga qamrab olinadi.

Muloqotlarda suv, yo‘l, gaz, kommunal sohalar bo‘yicha ham qator masalalarga yechim topilmoqda. Deylik, qarshilik Saodat To‘rayevaning Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullariga murojaati joyiga chiqib o‘rganilgach, tumanning Arabxona 2 massividan o‘tgan yili “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlaridagi 13 nafar kishiga dehqonchilik qilishi uchun ajratilgan jami 10 gektar yerni sug‘orish masalasi hal qilib berildi.

Hududdagi Qo‘ng‘irtog‘ nasos stansiyasidan mazkur 10 gektar yerni sug‘orish uchun alohida limit va nazoratchi biriktirildi. Bu bilan 13 ta oilaning ekinlariga, nihollariga obi hayot yetib bordi.

Qarshi tumani “Chorgumbaz” mahallasida yashovchi Sharofat Sultonova esa “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati mas’ullaridan mahalladagi 35 ta xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘radi. Murojaat joyiga chiqib o‘rganilgach, mahallada 1,4 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari boshlab yuborildi. Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullariga murojaatlar asosida viloyatdagi 8 ta suv nasosi va agregatlari ishlatib berildi.

Qabullarda sog‘liqni saqlash, davolanish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarga ham yechim topildi. Ko‘kdalalik Toshpo‘lat Boymirzayev tug‘ma yurak porogi bilan xastalangan qizi Marjonani davolatish uchun chora topolmay turgan paytda Respublika ishchi guruhining Chiroqchi tumaniga kelgani bu insonning ham qalbidagi umid uchqunlarini alangalatdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari qizchani davolanib, sog‘lom hayotga qaytarish uchun barcha chora tadbirlarni ko‘rilishi ma’lum qilindi. Shu kunning o‘zida Marjona Jo‘rayeva respublika kardiologiya markaziga yotqizildi.

Chiroqchi tumani Qumqishloq mahallasida yashovchi Maqsuda Abduxoliqovaning bugun ko‘nglida go‘yo quyosh balqidi. Gap shundaki, bu ayolning qizi Go‘zal Abduraimovaning ikkala buyragi ham ishlamay qolgan: faqat gemodializ bilan hayoti saqlab turilibdi. Onaizor qizi sog‘ayib ketishi uchun o‘z buyragini berishga rozi, biroq buyrak ko‘chirish amaliyoti uchun mablag‘i yo‘q. Ayni shu masalada najot istab kelgan Maqsuda Abduxoliqova murojaatidan so‘ng jarrohlik amaliyoti xarajatlari davlatimiz tomonidan qoplab beriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mas’ullariga murojaatlardan so‘ng jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan tashkil qilingan sud majlislarida qilmishiga pushaymon bo‘lib, aybidan to‘g‘ri xulosa chiqargan, o‘zini har tomonlama tuzatgan bir qator shaxslarga hayotini o‘nglab olishi uchun katta imkoniyat berildi. Xususan, jinoyat ishlari sudlarining jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazgan sayyor sud majlislarida mahkumlarning 9 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan bo‘lsa, 16 nafarining jazosi yengilrog‘iga almashtirilib, jami 25 nafar mahkum oilasi bag‘riga qaytarildi. 60 nafar mahkum esa umumiy tartibli kaloniyadan manzil kaloniyalariga o‘tkazildi.

Bosh prokuratura mas’ullariga murojaatlardan so‘ng aliment va ish haqi undirishga oid 38 ta masala hal qilib berildi. Muloqotlar natijasida asossiz ishdan bo‘shatilgan 2 nafar murojaatchi ishiga qayta tiklangan bo‘lsa, 109 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 46 nafar murojaatchi kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Qashqadaryo viloyatida besh kun davomida tashkil qilingan ochiq-jonli muloqotlarda ko‘tarilgan 3 ming 176 ta masalaning 793 tasi ijobiy hal qilindi, 1 ming 34 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 1 ming 349 ta masala bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar