Xarid chekini olgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizi qaytariladi

Xarid chekini olgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizi qaytariladi

“Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5252-son, 04.10.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan:

- chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.

Bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, shuningdek, to‘lov tizimi operatorlari orqali to‘lovni amalga oshirganda olingan xarid cheklari mustasno;

- sotib oluvchiga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni sotganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi;

- to‘lov tizimlari operatorlari o‘z to‘lov tizimlarini onlayn nazorat-kassa mashinalariga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiyalashni ta’minlash talabi o‘rnatiladi.

2022 yil 1 yanvardan Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi identifikatsiyalash kodlari aks ettirilmaydigan onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassa cheklarini taqdim etish taqiqlanadi.

2023 yil 1 yanvargacha tadbirkorlik sub’yektlariga onlayn nazorat-kassa mashinasi hamda maxsus qurilmalarning har birini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bitta qurilma uchun BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalarini kamaytirish huquqi berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar