Xorazm viloyati hokimi aholiga murojaatida asosiy e’tiborni nimalarga qaratdi?

Xorazm viloyati hokimi aholiga murojaatida asosiy e’tiborni nimalarga qaratdi?

2021 yil 21 dekabr kuni Xalq depetatlari Xorazm viloyati Kengashining navbadagi sessiyasida viloyat hokimi F.U.Ermanov viloyat aholisiga murojaat qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan viloyat hokimining aholiga murojaati lingvistik kontent-tahlil qilindi. Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, viloyatda 2022 yilda asosiy e’tibor qaratiladigan sohalarni ko‘rishimiz mumkin.

Viloyat hokimi o‘z nutqida jami 5 610 ta so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p “Qurilish” so‘zini - 44 marta, “Aholi” so‘zini – 43 marta, “Xizmatlar” so‘zini – 35 marta, “Mahalla” so‘zini – 25 marta, “Suv” so‘zini – 21 marta, “Qishloq” so‘zini – 20 marta, “Yoshlar” so‘zini 19 marta, “Texnologiyalar” so‘zini 18 marta, “Byudjet” va “Yo‘l” so‘zlarini – 15 martadan qo‘llagan. Bundan tashqari, “Bandlik”, “Oila”, “Investitsiya”, “Ta’lim”, “Tibbiyot”, “Kredit”, “Tadbirkorlik”, “Raqamli”, “Xorazm”, “Ayollar”, “Turizm”, “Eksport” so‘zlari ham ko‘p takrorlangan.

Murojaatda asosiy e’tibor 2021 yil davomida erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlari, amalga oshirilgan investitsion loyihalar va “Obod qishloq” dasturining ijrosiga hamda 2022 yilda viloyatda amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlariga qaratilgan.

Jumladan, joriy yil yakuni bilan viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini 30,0 trln. so‘mga (121,9 foizga) reja qilinganligi va aholi jon boshiga 15,7 mln. so‘mni tashkil qilishi kutilayotganligi, shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,1 trln. so‘mga, qishloq xo‘jaligi mahsulot ishlab chiqarish 22,9 trln. so‘mga, bajarilgan qurilish ishlari 4,6 trln. so‘mga, chakana savdo aylanmasi hajmi 10,5 trln. so‘mga, jami xizmatlar 9,0 trln. so‘mga bajarilishi kutilayotganligi ta’kidlangan.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,3 mln. so‘mni (2020 yakun 5,1 mln. so‘m), xizmatlar hajmi 4,6 mln. so‘mni (2020 yakun 3,5 mln. so‘m) tashkil qiladi.

Shu bilan birga, murojaatda quyidagilar qayd etilgan:

- viloyatdagi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 195 taga yetib, joriy yilda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 185,3 mln dollarga teng bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi;

- ushbu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar jami 197,8 mln dollarni tashkil qilib, yillik prognoz ko‘rsatkichi 161,3 foizga bajarilishi kutilmoqda;

- hududiy dastur doirasida joriy yilda umumiy qiymati 4,4 trln.so‘m bo‘lgan 1 ming 238 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 11 ming 650 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi;

Bugungi kunda viloyatda 13 ming 19 ta xizmat ko‘rsatish va servis sub’yektlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 7,6 trln. so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 120,1 foizni tashkil qildi.

2021 yilda yoshlar o‘rtasida bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi har bir rahbarning e’tibor markazida bo‘ldi.

Haftaning har shanba kunini viloyatda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinib, tuman, shahar sektor rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvlari muntazam ravishda yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar tomonidan 5 ming 231 ta taklif va muammolar bildirilib, ularning 3 ming 477 tasi hal etilgan bo‘lsa, 1 ming 754 ta murojaatlar yuzasidan tavsiyalar va ko‘rsatmalar berildi.18-30 yoshdagi 54 ming 542 nafar ishsiz yoshlar bandligi ta’minlandi.

Viloyatda yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 13 ta “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etildi.

Viloyatda tashkil etilgan 13 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida bugungi kunga qadar 5 ming 519 nafar yoshlar o‘qishga jalb qilinib, 4 ming 44 nafari muvaffaqiyatli tamomladi.

Birlashgan Arab amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bugungi kunga qadar viloyatdagi yoshlardan 173 ming 380 nafar qiziquvchilar ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 75 ming 509 nafari bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Viloyatda ishsizlar soni 78 ming 900 nafarni, ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil qiladi. Joriy yilning 11 oyi davomida 61,0 ming nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, joriy yilda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarimizga jami 4,2 trln so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilib, buning hisobiga 27 ming 315 nafar aholi bandligi ta’minlandi.

Shu bilan birga, viloyatdagi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 195 taga yetib, joriy yilda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 185,3 mln dollarga teng bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Shuningdek, 2022 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalar to‘g‘risida aytib o‘tdi:

Birinchi yo‘nalish bu - viloyatda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish maqsadida 2022 yilda 91,9 ming nafar aholini bandligini ta’minlash choralar ko‘riladi.

Mahallalarda tadbirkorlikni keng joriy etish orqali 18 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tadbirkorlarga ajratiladigan 695 milliard so‘m imtiyozli bank kreditlari hokim yordamchilari bilan birga ishlab chiqilgan loyihalar uchun beriladi.

Shuningdek, sharoiti og‘ir 32 ta mahallalarda 36 ta kooperatsiyalar tashkil etilib, ularga jami 64 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratiladi.

Yoshlarning o‘z biznesini boshlashiga amaliy yordam berish uchun, Urganch tumanida biznes-inkubator tashkil etiladi.

2022 yilda 46 ta yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ulardagi o‘rinlar soni 580 taga yetkaziladi.

Ikkinchi yo‘nalish – kelgusi besh yilda viloyatda 5 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali, 70 mingdan ziyod doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Uchinchi yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish orqali 50 ming aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratiladi.

To‘rtinchi yo‘nalish – aholi va tadbirkorlik uchun qulay infratuzilma yaratish.

2022 yilda ham “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari davom ettiriladi. Mazkur dastur doirasida 2022 yilda amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish tadbirlariga barcha manbalar hisobida jami 340,7 mlrd.so‘m mablag‘ ajratiladi.

Beshinchi yo‘nalish – ekologiya va aholi salomatligi.

2022 yilda birlamchi tibbiyot bo‘g‘inida aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish choralari ko‘riladi.

Malakali tibbiy xizmatlarni mahalla darajasigacha yetkazish belgilangan. Mahallarga biriktirilgan “tibbiyot brigadalari” va oilaviy poliklinikalarni surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha zarur vositalar (planshet, tarozi, pulsoksimetr, tonometr-fonedoskop, glyukomer va sarflov materiallari) bilan ta’minlash ishlariga mahalliy byudjet mablag‘laridan 2,4 mlrd. so‘m ajratiladi.

Oltinchi yo‘nalish – ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.

2022 yilda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan qamrab olish darajasi 74,0 foizga yetkaziladi. Bunda, Davlat investitsiya dasturi doirasida 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasini yangidan quriladi, 8 ta maktabgacha ta’lim muassasini rekonstruksiya qilinadi, 15 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida hamda 60 ta oilaviy bog‘chalarni tashkil etiladi. Ushbu maqsadlarga jami 89,0 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash maqsadida 1-4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun, bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yiladi, ushbu maqsadlarga 100 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, viloyatda 2022 yilda 2 ta yangi maktab quriladi, 10 ta maktab rekonstruksiya qilinadi, 7 ta maktab mukammal ta’mirlanadi, 143 ta maktab kompyuter texnikalari bilan ta’minlanadi. Ushbu tadbirlarga 93,3 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanadi.

Viloyatda axborot-texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirish maqsadida horijiy hamkorlar bilan birgalikda Ay-Ti klaster faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ushbu klaster loyihasi doirasida Xalqaro Universitet, Muhammad al-Xorazmiy raqamli texnologiyalar forumi tashkil etiladi.

2022 yilda viloyatda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 16 ming nafar yoshlar o‘qitilib, dunyodagi ilg‘or IT-kompaniyalarda ishlash imkoniyati yaratiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar