“UzAuto Motors” kompaniyasi “Fitch Ratings” hamda “Standard & Poor's” xalqaro agentliklarining “barqaror” kredit reytinglarini olib, jahon moliya bozorida ilk bor 300 million dollarlik yevrobond joylashtirdi.
Lekin, bu tarmoq hali iste’molchilar talabini to‘liq qanoatlantirolmayapti.
Shu bois Taraqqiyot strategiyasida avtomobil sanoatida kooperatsiyani yanada rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga, eksport hajmini 2 baravarga ko‘paytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadi belgilangan.
14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan mashinasozlik sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga oid yig‘ilishda bunga erishish yo‘lidagi joriy yilgi vazifalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari, avvalo, aholi talablariga e’tibor qaratdi.
Avtomobillar uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizga pasaytirish va 1 mayga qadar avtomobil sotib olishdagi navbatlarni to‘liq bartaraf etishga ko‘rsatma berdi. Hozirgi kunda navbatda turgan xaridorlarga avtomobili yetkazib beriladigan aniq sana ko‘rsatilgan xabarnoma yo‘llanadi.
Ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.
Bozorda taklifni oshirib, xalqimizga tanlash imkoniyatini yaratish maqsadida import avtomobillar uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga pasaytirish bo‘yicha hukumatga topshiriq berildi.
Joriy yilda 23 ta loyiha doirasida 600 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish mo‘ljallangan. Natijada mahalliylashtirish darajasi 48 foizdan 56 foizga chiqadi. Shuningdek, 336 million dollar investitsiya evaziga ikkita yangi avtomobil modeli va zamonaviy dvigatel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda tarmoqning eksport rejalari haqida ham ma’lumot berildi.
Prezidentimiz bu rejalar mavjud imkoniyatlarga nisbatan kamligini ta’kidlab, yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Xususan, yirik savdo tarmoqlari orqali butlovchi qismlar sotishni kengaytirish hisobiga 2022 yilda eksport hajmini kamida 500 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.
Davlatimiz rahbari mashinasozlik tarmog‘ini sanoat klasteri usulida rivojlantirish lozimligini ta’kidladi. Bu tizim “injiniring – butlovchi qismlar – tayyor mahsulot – savdo va servis” zanjirini qamrab oladi. 8 ta mashinasozlik korxonasi, butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 300 dan ziyod korxona, logistika, ichki va tashqi bozorlardagi savdo va servis tarmog‘i, Turin politexnika va Andijon mashinasozlik institutlarini umumiy maqsad yo‘lida birlashtiradi.
Shundan kelib chiqib, hukumatga “milliy mashinasozlik klasteri” dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, jahonda elektromobillar ishlab chiqarish jadal rivojlanib bormoqda. 2021 yilda bunday mashinalar ulushi avtomobil bozorida 2 barobarga o‘sgan.
Prezident bu sohada ortda qolmaslik uchun hozirdan harakat boshlash kerakligini ta’kidladi. Bu boradagi texnik talab va standartlar, mahalliylashtirish masalalarini inobatga olgan holda, elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mashinasozligiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu yo‘nalishda Chirchiq shahrida klaster tashkil etilishi belgilangan. Buning uchun byudjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. “Texnolog” va “Agregat” zavodlaridagi uskunalarni Chirchiqqa ko‘chirish boshlangan.
Ushbu klasterni 2023 yildan to‘liq ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi. Joriy yilda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni 2 barobarga oshirib, ularning tannarxini 12 foizga kamaytirish, eksportni 15 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Izoh qoldirish