Yangihayotliklar qanday muammolarni ko‘tarishdi?

Yangihayotliklar qanday muammolarni ko‘tarishdi?

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan Yangihayot tumanida tashkil qilingan ommaviy qabullarda murojaatchilar bilan yuzma-yuz bo‘lib, muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish, shu bilan birga, yangi tashkil etilgan tumanni iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish dastur va rejalarini belgilashda aholi muammolarini aks ettirish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilash kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘ldi.

Qabullarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar sudlari hamda 20 dan ziyod vazirliklar, idora-tashkilotlar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Ommaviy muloqotlarda Oliy sud va tizim sudyalari tomonidan 130 ta murojaat ko‘rib chiqildi. 19 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi. 49 ta murojaat ijobiy hal etildi, 62 ta murojaat nazoratga olindi.

Qabullar jarayonida tashkil etilgan sayyor sud majlislarida 9 nafar shaxsning ishi har tomonlama ko‘rib chiqilib 5 nafar shaxs javobgarlikdan ozod etildi.

Yangihayot tumanida yashab kelayotgan Rahimjon Otaullayevga sud hukmiga binoan ikki yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlashdan mahrum etilib, unga nisbatan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan edi. Fuqaroning yengillik berishni so‘rab qilgan murojaati, jazoni o‘tash davrida o‘zini har jihatdan munosib tutgani inobatga olinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudining qarori bilan u shartli ravishda o‘talmay qolgan 1 yil 3 oylik jazosidan ozod etildi.

Ma’lumki, poytaxt atrofida uzumchilik va bog‘dorchilik shirkatiga qarashli dala hovlilar mavjud. Yillar davomida mazkur dala hovlilarda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish uchun odamlar ko‘chib kela boshlagan. Natijada bu yerlarda muqim o‘rnashib qolishgan. Odamlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan uy joylar barpo etilishi natijasida o‘z-o‘zidan ko‘chalar, xonadonlar vujudga kelgan. Ammo kadastr hujjatlarida dala hovli sifatida qayd etilib qolavergan. 2011 yilda hukumat tomonidan shu kabi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan dala hovlilarga amnistiya e’lon qilinib, mulk huquqi berishga ruxsat etilgan. Biroq, 6 ta ana shunday shirkatga qarashli dala hovlilar qolib ketgan. Ularning bir qismi Quyichirchiq, Zangiota va Bektemir tumanlari hududini egallagan. Ayni paytda Bektemir tumaning bir qismi Yangihayot tumaniga o‘tishi munosabati bilan shirkatga qarashli dala hovlilar ham shahar hududiga kiritiladi. Bu yerdagi holat shundan iboratki, aholi punktining maqomiga haligacha aniqlik kiritilmagan. Har bir qurilgan xonadonlarga mulk huquqi berilmagan va kadastr hujjatlari qilinmagan. Ushbu hududda yashovchi Umida Nishonbekova ushbu manzilda 390 ta oilaga mulk huquqi berilishi va kadastr qilinishi, mahalla mahalla maqomi zarurligi yuzasidan Toshkent shahar xalq qabulxonasi mutasaddilariga murojaat qiladi. Mazkur masala “yo‘l xarita”siga kiritilib, Vazirlar mahkamasiga shirkat hududi o‘rnida yangi mahalla barpo qilish, oilalarga mulk huquqi berish bo‘yicha taklif kiritildi.

Ommaviy muloqotlarda Bosh prokuratura, shahar va tuman prokuraturalari 83 ta murojaatni ko‘rib chiqdi. Tumanning “Sholikor” mavzesida istiqomat qiluvchi Muborak Rahmatova taqdir taqozosi bilan qo‘shni davlat fuqarosiga turmushga chiqqan. Ammo hayot ekan, yana o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtiga qaytgan. Shundan buyon oradan 25 yil vaqt o‘tdiyu biroq o‘z yurti fuqaroligini ololmasdan kelayotgan edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fuqarolik olishning soddalashgani Muborak Rahmatovaning orzulari ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ldi. Yurtdoshimizning murojaati Bosh prokuratura mutasaddilari tomonidan qabul qilinib, ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.

Uch kunlik ommaviy qabullarda sog‘liqni saqlash vazirligi va tizim idoralari tomonidan 43 ta murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, shundan 18 tasi joyida ijobiy hal etildi. Deylik, “Binokor” mahallasida yashovchi Yekaterina Sergeyevaning 4 yoshli o‘g‘li Artyomning oyog‘ida tug‘ma nuqsoni bor. Shu bois, yurishga qiynaladi. U chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik hamda malakali muolajaga muhtoj. Bola vazirlik yo‘llanmasi bilan Respublika bolalar milliy markaziga tibbiy ko‘rik uchun yuboriladigan va tahlil natijalariga qarab, shu markazda davolanadigan bo‘ldi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 34 ta murojaat ko‘rilgan bo‘lib, shundan 19 tasi joyida hal etildi. Xususan, nogiron farzandini yolg‘iz boshi bilan katta qilib kelayotgan Feruza G‘ulomova shu paytgacha ishsiz edi. Ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng u “Ayollar daftari”ga kiritildi, qaramog‘ida nogiron farzandi borligi inobatga olinib, unga o‘z uyida bandligini ta’minlash uchun sharoit yaratib beriladigan bo‘ldi. Aniqrog‘i, tikuv mashinasi olib berildi, Feruza bilan tikuv korxonasi o‘rtasida shartnoma tuzildi. U buyurtma asosida tikish bilan shug‘ullanadi.

Gulzor mahallasi ahli nomidan murojaat qilgan Abdumajid Quvondiqovning aytishicha, mahalla ilgari Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumani tasarrufida bo‘lgan. Hududda namunaviy loyihalar asosida yangi turar-joylar barpo qilingan, ammo infratuzilmani rivojlantirish e’tibordan chetda qolgan. Ayniqsa, o‘tgan asrning yarmida qurilgan maktab ta’mir talabligidan tashqari, aholi sonining o‘sishi natijasida o‘quvchilarni uch smenada o‘qitish uchun ham torlik qilib qolgan. Murojaat Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari tomonidan qabul qilinib, 2023 yilgacha 650 o‘rinli yangi maktab binosini qurish, hozir esa mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun maktabda kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi ma’lum qilindi.

“Binokor” mavzesida istiqomat qiluvchi Bekzod Madaminov o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida biznes-reja tuzib, imtiyozli kredit olish maqsadida ko‘plab idoralarning ostonasidan hatlagan, ammo murodi hosil bo‘lmagan. Ommaviy qabulda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga murojaati ko‘rib chiqilib, muammoning nimada ekanini aniqlash maqsadida bank mutasaddilariga ko‘rsatma berildi hamda masalaning fuqaro foydasiga hal etilguniga qadar ish nazoratga olindi.

Ommaviy qabul jarayonlarida mutasaddilarga minnatdorlik bildirish uchun atayin kelgan yurtdoshlarimiz ham ko‘p bo‘ldi. Misol uchun, “Binokor” mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar mahallasidagi bolalar bog‘chasi yaqin-yaqingacha o‘ta abgor, hech qanday sharoit yo‘q bo‘lgani, murojaatchilardan biri Shohida Alimovaning avvalgi ommaviy qabullarda maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilariga murojaatidan so‘ng masala Xalq qabulxonasi nazoratiga olingani, joyiga chiqib o‘rganilgach, “yo‘l xarita”siga kiritilib, investitsiya dasturi asosida tubdan ta’mirlanganini bildirishdi. Bundan, tabiiyki, mahalla ahli mamnun.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar