Yog‘-moy mahsulotlariga aholi talabini qondirish maqsadida joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlar yetishtiriladi

Yog‘-moy mahsulotlariga aholi talabini qondirish maqsadida joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlar yetishtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 may kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorakdagi ko‘rsatkichlar tahlili hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston benefitsiar bo‘lgan “GSP+” tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanish, “Oeko-Tex” standartlariga mos to‘qimachilik korxonalari sonini ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqib, mahalliy korxonalar mutaxassislarini o‘qitish ham zarur.

Ma’lumki, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash kun sayin dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Go‘sht va o‘simlik yog‘ining jahon bozoridagi narxlari bir yildan buyon to‘xtovsiz o‘smoqda. Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish kerak.

Shu maqsadda chorvachilik yo‘nalishida mingta, parrandachilikda 277 ta korxonani ishga tushirish, 1 million gektardan ziyod asosiy maydonlarda hamda ekinlardan bo‘shaydigan yerlarda sabzavot, kartoshka, sholi, poliz va ozuqa mahsulotlarini yetishtirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz yog‘-moy mahsulotlariga aholi talabini qondirish maqsadida joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlar yetishtirib, 86 ming tonna moy ishlab chiqarish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Iqtisodiy kompleksga kiruvchi tashkilotlarga past quvvatlarda ishlayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga faoliyatini jonlantirish uchun ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi. May-iyun oylarida oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratish, bu orqali kamida 30 ming nafar fuqaroga daromad manbai yaratish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, hududiy dasturlar doirasida 13 mingta, bo‘sh yer uchastkalarini sotish orqali 5 mingta, Bandlik, Xotin-qizlar va Yoshlar jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha 10 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish mumkin.

Polietilen, polipropilen, polivinilxlorid va kalsiylangan soda kabi xomashyolarning birja orqali sotishni kengaytirish, mebel sanoatini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bular mahalliy korxonalarning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘ladi.

Prezident ajratilgan kredit resurslarining samaradorligi va qaytimi borasidagi kamchiliklarni tanqid qildi.

– Joylarda kredit hisobidan tashkil etilayotgan korxonalarni infratuzilmaga ulash, mahsulot bozorini topishga ko‘maklashish bo‘yicha tarmoq, hudud yoki sektor rahbarlari tizimli ishlamayapti, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga muammoli korxonalarni aniqlab, ularga “yashirin iqtisodiyot”dan chiqish uchun sharoit yaratish, kreditlarni manzilli va maqsadli ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlat soliq qo‘mitasiga tadbirkorlarning fikr va e’tirozlarini inobatga olib, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarni ro‘yxatga olish, soliqlarni hisoblash tizimini yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar birinchi yarim yillikda tarmoq va hududlarni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar