“Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarini samarali amalga oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyati uchun mikrokreditlar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (388-son, 22.06.2021 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslar (qarz oluvchilar) kredit olish uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki yoki aksiyadorlik-tijorat Xalq bankiga elektron ariza bilan murojaat qiladi.
Bank ariza kelib tushgan kunning keyingi kunidan kechikmasdan kredit olish bo‘yicha eng qulay filiali yoki bank xizmatlari markaziga murojaat qilish yuzasidan qarz oluvchiga taklif jo‘natadi.
Shunga ko‘ra, bank tomonidan sertifikat olgan:
▪️ tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, xususan, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil qilish uchun 33 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda;
▪️ mikrofirma va kichik korxona tashkil etgan shaxslarga 225 mln so‘mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.
Kredit bir qarz oluvchiga bir marotaba ajratiladi.
Mikrokreditlar:
- ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;
- alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
- savdo-vositachilikni amalga oshirish;
- ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish uchun ajratilmaydi.
Mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan, yoshlarning biznes loyihalariga esa 7 yilgacha muddatga, 3 yilgacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
Qarz oluvchi – yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ularning talabiga binoan jami kredit summasining 50 foizidan oshmagan miqdorda naqd pulda ajratiladi.
Har oyning 5 sanasiga qadar qarz oluvchilar, ularning qarzdan foydalanish yo‘nalishlari va natijadorligi to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlar Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etib boriladi.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan yoshlar va ayollarni kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha kasblar ro‘yxati (54 ta) belgilandi.
Izoh qoldirish