Toshkent, 2026 yil 1 may. IT Park Uzbekistan’da “Ta’lim, energetika va inklyuziv hududlarni rivojlantirishda sun’iy intellekt va raqamlashtirishning strategik ahamiyati” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston va Koreya Respublikasining davlat organlari, tahliliy markazlar, universitetlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Forum Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi delegatsiyasining Koreya Respublikasi va Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar natijasida tashkil etildi.
Tadbir Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) tomonidan Osiyo taraqqiyot banki instituti (ADBI), Seul milliy universiteti huzuridagi Davlat boshqaruvini rivojlantirish global instituti (GDI) va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov global beqarorlik sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligini alohida ta’kidladi.
“Jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan o‘zgaruvchanlik sharoitida O‘zbekiston tashqi shoklarga nisbatan barqarorligini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 8,7 foizni tashkil etdi. Bu esa ijobiy dinamikaning saqlanayotgani va ichki iqtisodiy faollik kengayayotganini ko‘rsatib, investisiyalar oqimini jalb qilish, innovatsiyalarni joriy etish hamda yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratayotganini anglatadi”, — dedi N.Ortiqov..
Seul milliy universiteti vise-prezidenti doktor Kilkon Ko forum ishtirokchilariga murojaat qilib, O‘zbekiston barqaror rivojlanish sur’atlarini ko‘rsatayotganini va sun’iy intellekt, ekologik barqarorlik hamda ma’muriy islohotlar kabi yo‘nalishlarda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologik o‘zgarishlar tezlashib borayotgan va bugungi global kun tartibi sharoitida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik tobora amaliy tus olmoqda.
“Biz birgalikda ishlab, nafaqat akademik bilimlar, balki zamonaviy muammolarga javob bera oladigan amaliy yechimlarni ham yarata olamiz”, — doktor Kilkon Ko.
Osiyo taraqqiyot banki instituti dekani va bosh direktori Bambang Brodjonegoro xalqaro tajriba inson kapitaliga investisiya kiritish, yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish va global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalash barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omillari ekanini ko‘rsatayotganini ta’kidladi..
Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston va Koreya Respublikasidagi tahliliy markazlar hamda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish amaliy yechimlarni ishlab chiqishga va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishga xizmat qiladi”.
Tadbirda Osiyo taraqqiyot banki instituti (ADBI), Songyungvan universiteti Davlat boshqaruvi oliy maktabi (Graduate School of Governance, Sungkyunkwan University), Seul milliy universiteti Qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari kolleji huzuridagi Xalqaro hamkorlik markazi (Center for International Cooperation), shuningdek Koreya elektr energetika korporatsiyasi (KEPCO) ekspertlari ishtirok etdilar
O‘zbekiston tomonidan tadbirda davlat organlari, ekspertlar hamjamiyati, tegishli vazirliklar, energetika kompaniyalari, IT Park Uzbekistan hamda mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
Forum doirasida sun’iy intellektni ta’lim sohasiga joriy etish, kambag‘allikni qisqartirishda raqamli yechimlardan foydalanish va hududlarni rivojlantirish, shuningdek xalqaro tajribani, jumladan Koreya Respublikasi amaliyotini inobatga olgan holda energetika sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqot natijalari taqdim etildi.
Forum doirasida O‘zbekistonda hududlarni manzilli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vositasi sifatida amalga oshirilayotgan “Mahallabay” tizimiga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Fazliddin Nasriddinov ushbu modelning samaradorligi bo‘yicha tahlil natijalarini taqdim etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 9 mingdan ortiq mahalla faoliyat yuritmoqda, ularda 9 mingdan ziyod hokim yordamchilari va ijtimoiy xodimlar ish olib bormoqda. Shuningdek, yagona raqamli platformani joriy etish ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar asosida uy xo‘jaliklariga manzilli yordam ko‘rsatish tizimiga o‘tish imkonini berdi.
Shuningdek, hududlar kesimida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Xususan, ixtisoslashtirilgan mahallalarda ishlab chiqarish hajmi 89 foizgacha o‘sgan, 84 foiz holatda muammoli qarzdorlik kamaygan, 60 foizdan ortig‘i esa to‘liq bandlikka erishgan.
Shuningdek, 37 ta tumanda joylashgan, kam ta’minlangan aholining katta qismi to‘plangan 903 ta “og‘ir” deb ataluvchi mahallalar bilan alohida ishlar olib borilmoqda. Ushbu hududlarda manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish kambag‘allikni tez sur’atlarda qisqartirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan.
Forum ishtirokchilari, jumladan xalqaro ekspertlar va Koreya Respublikasi vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Mahallabay” yondashuvi ijtimoiy siyosatning yanada manzilli modeliga o‘tishni ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.
Ta’kidlandiki, hududlar darajasida boshqaruv institutlari, raqamli vositalar va idoralararo muvofiqlashuvni integratsiya qilish uy xo‘jaliklari darajasida ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni yanada chuqurroq anglash imkonini beradi va natijada qabul qilinayotgan qarorlar samaradorligini oshiradi.
Shuningdek, raqamli yechimlarni kengaytirish va ushbu yondashuvni mintaqa mamlakatlarida moslashtirish nuqtai nazaridan uni yanada rivojlantirish salohiyati alohida ta’kidlandi.
Forum yakunlari bo‘yicha hamkorlikning keyingi yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, tahliliy markazlar va xalqaro institutlar o‘rtasida amaliy tajriba va ekspertlik almashinuvini yo‘lga qo‘yish inklyuziv o‘sishni ta’minlash hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishishning muhim sharti sifatida qayd etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Изоҳ қолдириш