Toshkent metrosining «Yunusobod» yo‘lidagi 2 ta yangi bekat qurib bitkazildi (foto)

Toshkent metrosining «Yunusobod» yo‘lidagi 2 ta yangi bekat qurib bitkazildi (foto)

Toshkent metrosining «Yunusobod» yo‘nalishidagi «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlari to‘liq qurib bitkazildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi tomonidan ma’lum qilindi.

Kompaniya tomonidan xabar berilishicha, uzunligi 2,9 kilometr bo‘lgan «Turkiston» va «Yunusobod» metro bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari nihoyasiga yetib, «Shahriston» bekatiga ulandi. Metro poyezdlarining sinov tariqasida harakatlanish ishlari amalga oshirildi.

«Toshkent metro loyiha» mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihalari asosida bunyodkorlik ishlari bajarilgan ob’yektning umumiy qiymati 103,8 million dollarni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning yerosti tunnel qismini burg‘ulash ishlari Germaniya texnologiyasi asosida mexanizatsiyalashtirilgan kompleks yordamida amalga oshirilgan hamda yuqori sifatli temir-beton tyubinglar o‘rnatilgan. Har bir bekat kompleks qurilishida monolit beton uslubi qo‘llanilgan.

Yerosti tunnel qismining o‘ng va chap yo‘nalishi bo‘yicha burg‘ulash ishlari 100 foiz bajarilib, «Shahriston» bekatiga ulandi. Tunnel qismining ikki yo‘nalishi bo‘yicha kommunikatsiya (elektr va aloqa kabellarni tortish) ishlari yakunlandi. «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari ham yakuniga yetdi hamda bekatlarning 4 tomonli piyodalar o‘tish yo‘laklari to‘liq qurib bitkazildi.

Shuningdek, yerosti tunnel qismi va bekatlarning o‘ng va chap yo‘nalishlarida 2,9 kilometrdan iborat temir yo‘llarni yotqizish, elektr va aloqa o‘tkazgichlarini o‘tkazish ishlari bajarilib, ushbu yotqizilgan temir yo‘ldan metro poyezdlari sinov tariqasida harakatlandi. «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlari bezaklarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish xom ashyolaridan foydalanib, zamonaviy turniketlar, yerosti tunnel qismi va bekatlarida esa elektr tejamkorli yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Imkoniyati cheklangan, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar uchun bekatlar platformasida maxsus bo‘rtib chiqqan taktil plitkalar yotqizilgan. Shuningdek, bekatlarga tushish va chiqish zinalarida nogironlar aravachasi bilan kirib-chiqishda foydalaniladigan zamonaviy qiyali elektromobil aravachalar o‘rnatilgan.

Ma’lum qilinishicha, qurilish ishlarida Germaniya hamda Italiya korxonalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish texnikalaridan ham foydalanilgan. Xususan, ikkita 220 tonnali yukni ko‘taradigan zanjirli kran, uchta 70 tonnali yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran, ishlab chiqarish quvvati soatiga 20 va 40 kub metrni tashkil etuvchi mobil beton zavodlari, metalloprokatga ishlov beruvchi 14 ta qurilma, ikkita o‘ta og‘ir, 350 tonnali yuklarni tashuvchi avtoulov hamda qurilish qoziqlari qoqadigan va burg‘ulash uskunalaridan yerosti bekati hamda yo‘nalishlarini qurishda foydalanilgan.

Ta’kidlanishicha, «Turkiston» bekati o‘ziga xos ko‘rkam dizayni bo‘yicha Toshkent metropolitenining hech bir bekatini takrorlamaydi. Ushbu bekatning chap va o‘ng tomonidan ikkitadan, jami to‘rtta kirish yo‘lagi qurildi va atrofi obodonlashtirilib, zamonaviy monitorlar o‘rnatildi.

Bekatning ichki qismi oppoq marmar plitalar bilan bezatilgan bo‘lib, 100 metrli perron va unda ikki qator oq marmar toshlar bilan pardozlangan ustunlar o‘rnatilgan. Bekat devorining bir tomoniga O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Turkmaniston davlatlarining diqqatga sazovor joylari, tarixiy maskanlari, ikkinchi tomoniga esa O‘zbekistonning qadimiy Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatining tarixiy maqbaralari, muqaddas qadamjolari mozaika ko‘rinishidagi suratlarda ishlangan.

Bekatning har bir hududi to‘liq kuzatuv va xavfsizlik kameralari, konditsionerlar hamda havo ventilyatorlari va tovush chiqaruvchi texnikalar bilan jihozlangan. Bekatlarga kirish va chiqish hududlarida yo‘nalish belgilari o‘rnatilgan.

Qayd etilishicha, «Yunusobod» bekati «Turkiston» bekatiga nisbatan qurilishi va bezak berish uchun ishlatilgan materiallar rangi va ko‘rinishi hamda dizayni bo‘yicha biroz farq qiladi. Ikki bekat ko‘rinishi va fasadi bir-birini mutlaqo takrorlamaydi. «Yunusobod» bekatining ichki qismi hamda 100 metrli perron o‘ziga xos qiya shaklida bunyod etilgan. Perron o‘rtasida bir qatorli naqshinkor ustunlar bunyod etilgan.

Bekatga kirish qismida Toshkent shahrining zamonaviy va qadimiy ko‘rinishi aks etgan tasviriy oyna ko‘rinishidagi suratlar o‘rnatilgan. Bekatning ikki tomoni esa oltita zamonaviy monitor bilan jihozlangan.

Yunusobod yo‘nalishi yangi bekatlar bilan hisoblaganda sakkizta bekatdan iborat: Ahmad Donish ko‘chasida qurilgan «Tukiston», «Yunusobod» hamda mavjud «Shahriston», «Bodomzor», «Minor», «Abdulla Qodiriy», «Yunus Rajabiy», «Ming o‘rik». Ushbu yo‘nalish «Yunus Rajabiy» bekatidan «Chilonzor» yo‘lining «Amir Temur», «Ming o‘rik» bekatidan esa «O‘zbekiston» yo‘lining «Oybek» bekatiga ulanadi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu yangi bekatlar foydalanishga topshirilgach, bir kunda «Yunusobod» bekatida qo‘shimcha 5 ming yo‘lovchiga, «Turkiston» bekatida esa 2,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.

Avvalroq Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan Do‘stlik—Qo‘yliq metro liniyasi qurib bitkazilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Yunusobod» yo‘lining ikkinchi bosqichi hamda yerusti halqa metro yo‘lining birinchi bosqichini 2020 yil martida foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi.

Ma’lumot uchun, «Yunusobod» yo‘lining mazkur ikkita yangi bekatini qurish ishlari chog‘ida 2019 yilning 18 dekabr kuni tuproq o‘pirilib tushishi oqibatida olti nafar ishchi halok bo‘lgan.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar