1 noyabrga qadar Toshkent shahridagi barcha poliklinikalar to‘liq raqamlashtiriladi

1 noyabrga qadar Toshkent shahridagi barcha poliklinikalar to‘liq raqamlashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Tinchlik va sog‘lik – inson hayoti uchun eng kerakli ne’matlar. Bu ikki yo‘nalish davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim negizlari etib belgilangan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi asosida soha bosqichma-bosqich takomillashtirib kelinmoqda. So‘nggi bir yilda tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu yil sohaga byudjetdan 21 trillion so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi.

Lekin, tizimda samaradorlik va aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilish kerak. Joylarda o‘tkazilgan so‘rovlarda bor-yo‘g‘i 13 foiz aholi tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarishlarni sezayotganini aytgan.

Davlatimiz rahbari sohadagi vazifalarni 5 ta yo‘nalishda ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchisi – birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish.

Ikkinchisi – ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash.

Uchinchisi – raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

To‘rtinchisi – tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish.

Beshinchisi – tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish.

Yig‘ilishda ushbu vazifalarni bajarishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

– Tibbiyotdagi islohotlarni sifatli, manzilli amalga oshirsak, odamlar rozi bo‘ladi, sog‘lig‘ini tiklab oladi. Soha mutasaddilari, hokimlar har bir qishloq shifokori bilan, hamshiralar bilan gaplashib, jahon tajribasini o‘rganib, chora-tadbirlar ko‘rsa, albatta o‘zgarish bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalo, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash masalasiga e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda 250 dan ziyod kasalliklarning 87 tasini birlamchi bo‘g‘inda davolash mumkin. Buning uchun mazkur bo‘g‘inni malakali kadrlar, shoshilinch yordam uchun zarur 50 xil dori va 16 turdagi tibbiyot vositalari bilan ta’minlash kerak.

Prezident surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash, ayniqsa, yurak-qon tomir va oshqozon-ichak xastaliklari profilaktikasini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Birlamchi bo‘g‘inda davolash zarur bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha bepul tibbiy xizmatlar paketi joriy etilishi belgilandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda oilaviy shifokorlar malakasini oshirish, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis va chekka hududlarga mutaxassislarni jalb qilish kerakligi qayd etildi. Oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda shtatlar normativi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malaka talablari, jihozlash standartlarini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Yurtimizda 17 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi bor. Ular tomnidan joylarda tibbiy ko‘riklar o‘tkazilayotgani natijasida kasalliklar erta aniqlanib, ovoragarchiliklarning oldi olinmoqda.

Xususan, Ftiziatriya va Pediatriya markazlari barcha hududlarda o‘z filiallarini tashkil etgani bois, Toshkentga keluvchi bemorlar soni so‘nggi 2 yilda qariyb 20 foizga kamaygan.

Davlatimiz rahbari ixtisoslashgan markazlar bilan viloyat, tuman va shahar shifoxonalarini samarali bog‘lab, malakali tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Misol uchun, jarrohlik amaliyotini talab etmaydigan yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, nafas yo‘llari, teri kasalliklariga diagnoz qo‘yish, davolash va reabilitatsiya jarayonlarini tumanlarda amalga oshirish mumkin. Ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, travmatologiya, ko‘krak va qorin bo‘shlig‘i yo‘nalishlaridagi jarrohlik muolajalarini viloyat darajasida tashkil qilish uchun sharoitlar yetarli.

Respublika markazlarida esa murakkab tashxisli kasalliklar va yuqori texnologik amaliyotlar bajarilishi ustuvor bo‘lishi kerak.

Shu bois, viloyat va tuman shifoxonalarida davolanadigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlab, quyi bo‘g‘in shifokorlari malakasini oshirish choralari belgilandi.

Hokimliklarga hududiy tibbiyot muassasalarini angiograf, laparoskop, sun’iy qon aylantirish kabi yuqori texnologik uskunalar va tibbiyot vositalari bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot tashkilotlariga litsenziya berish tartibini soddalashtirib, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi aytildi.

Mamlakatimizda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi bo‘lib, ularning faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulangan.

Lekin yangicha ishlash uchun hamma joyda ham sharoit zo‘r emas. Ayrim tibbiyot muassasalarida kompyuter yetishmaydi. Sohani raqamlashtirish uchun bu yil byudjetdan 28 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar sust kechmoqda.

Shu bois, viloyat tibbiyot boshqarmalarida raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta operator-hamshira vazifasi joriy etiladi.

Shu yil 1 avgustga qadar elektron order tizimini ishga tushirib, barcha hududlar va ixtisoslashgan markazlarni ulash, 1 noyabrga qadar Toshkent shahridagi barcha poliklinikalarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Avvalo, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi. Har bir hudud bo‘yicha tahlillardan kelib chiqib, maqsadli skrininglar o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatlarda Perinatal va Skrining markazlari yagona klaster sifatida birlashtirilib, tumangacha tushadigan bo‘g‘in tashkil qilinishi qayd etildi.

Sohadagi yana bir bolzarb yo‘nalish ta’lim, fan va kadrlar tayyorlashni rivojlantirishdir.

Tibbiyot sohasidagi hozirgi ta’lim uslublari bundan 30-40 yillar avval tasdiqlangan, darsliklarning aksariyati xalqaro standartlarga javob bermaydi. Oliy o‘quv yurtlari va ixtisoslashgan markazlarda ilmiy salohiyatga qiziqish, rag‘bat kam.

Shu bois, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, menejerlar hamda yuqori texnologik uskunalar bilan ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochish zarurligi ta’kidlandi. Ordinatura va magistraturada o‘qiyotgan iqtidorli yoshlarni xorijda malaka oshirishga yuborish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

– Sog‘liqni saqlash tizimiga har yili bir necha trillionlab mablag‘ ajratiladi, xalqaro kreditlar jalb qilinadi. Ushbu ajratilayotgan mablag‘lar samarasini xalqimiz sezishi kerak, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar