- Chet elga ishlashga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lanadi
«Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan 2022 yil 1 sentyabrga qadar «labor-migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming so‘m);
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming so‘m);
- rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 225 ming so‘mgacha) kompensatsiya to‘lanadi.
- Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 1,1 barovarga oshiriladi
Shuningdek, 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston hududida:
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 822 000 so‘m;
- bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 270 000 so‘m;
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 289 000 so‘m;
- yoshga doir eng kam pensiyalar — oyiga 565 000 so‘m;
- bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 622 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 440 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 440 000 so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 623 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori — oyiga 623 000 so‘m;
- 1941−1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda oyiga 2 mln 750 ming so‘m etib belgilandi;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 440 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 440 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 165 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilanadi.
Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshadi. Jumladan, hujjatsiz yurish 270 ming so‘m, «qizil»dan o‘tish 540 ming so‘m, telefonda gaplashish 810 ming so‘m hamda mast holda haydash 6 mln 750 ming so‘m etib belgilanadi.
- 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun yagona bolalar nafaqasi joriy etiladi
1 sentyabrdan boshlab amalda bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari uchun nafaqa va 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi o‘rniga yagona bolalar nafaqasi joriy etiladi.
Ushbu nafaqani tayinlashda:
- bolalar yoshi me’yori 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi;
- nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi;
- farzandi bo‘lmagan yoki farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlarining quyidagi yangi miqdorlari belgilanmoqda. Bolalar nafaqasi oilaning:
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 250 000 so‘m (+56 000 so‘m);
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 325 000 so‘m (+131 000 so‘m);
- ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 150 000 so‘m (+186 000 so‘m);
- uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun — 100 000 so‘mdan (amaldagi 190 ming so‘mdan 290 ming so‘mgacha ko‘p);
- moddiy yordamning miqdori — 380 000 so‘m etib belgilanadi.
- Elektron onlayn-auksionlarning yagona tartibi joriy etiladi
1 sentyabrdan E-auksion elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi. Bunda:
- ishtirokchilarga, shu jumladan chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;
- ob’yektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi;
- auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar u o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin e’lon qilinadi;
- xabar e’lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga ob’yektni sotib olish bo‘yicha auksion qadamiga bog‘lanmagan o‘z narx taklifini kiritish huquqi beriladi;
- sotilgan ob’yektning qiymati BHMning 5 ming baravarigacha bo‘lganda, to‘lovlarni 10 ish kuni, 5 ming baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda to‘lovlarni 15 ish kuni mobaynida to‘lash imkoniyati yaratiladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
- auksion g‘olibi to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortgan taqdirda, g‘olib hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sischilari auksionlardan chetlatiladi (to‘lovlarni to‘lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga).
- auksionga chiqarilgan ob’yektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Hujjatga asosan, mazkur tartib elektron savdo platformasi orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi belgilangan barcha turdagi aktivlarga nisbatan tatbiq etiladi.
- Davlat organi xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi
Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
- Kamondan otish va ot sporti rivojlantiriladi
Kamondan otish bo‘yicha:
1 sentyabrdan boshlab har yili an’anaviy tarzda kamondan otish sport turi bo‘yicha:
- Toshkent shahrida «Alpomish va Barchinoy» xalqaro turniri;
- Samarqand shahrida ayollar o‘rtasida «To‘maris kubogi» xalqaro turniri;
- Buxoro, Qo‘qon, Samarqand va Xiva shaharlarida «Turizm va kamondan otish haftaligi» tashkil etiladi.
Haftalik doirasida kamondan otish bo‘yicha sportchilar va sayyohlar o‘rtasida turnirlar, mahorat darslari hamda uchrashuvlar, turistik salohiyat aks etgan sayillar o‘tkaziladi.
Ot sporti bo‘yicha:
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili ot yo‘rttirish turi bo‘yicha Toshkent viloyatida «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti kubogi uchun», to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida «Qarshi Open», Toshkent shahrida «Millatlar kubogi» xalqaro turnirlari tashkil etiladi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ot sporti bo‘yicha mehnatni rag‘batlantirishda usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otxona boshlig‘i (brigadir) — trenerga, veterinar-shifokor — shifokorga, zootexnik va feldsher-veterinar — hamshiraga tenglashtiriladi.
- Ayrim sportchi-trenerlarga har oylik to‘lov joriy etiladi
Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda g‘olib va sovrindor (1−3 o‘rin) bo‘lgan, shuningdek, olis va chekka hududlarda ishlayotgan sportchi-trenerlarga:
- sport to‘garaklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda, ushbu ob’yektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
- sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun subsidiyalar ajratiladi;
- kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishini tashkil etgan taqdirda BHMning 10 baravaridan (2 mln 700 ming so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda har oylik to‘lov joriy etiladi.
Shuningdek, 1 sentyabrdan boshlab «Sport hamma uchun» loyihasi doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parasport turlari bilan keng qamrab olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatga integratsiya qilish maqsadida bir yilda bir marta Parasport xalqaro festivali o‘tkaziladi.
- Yangi transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaydi
Hukumatning «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 1 sentyabrdan yangi transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, transport vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.
Sentyabr oyidan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi avtotransportlarni tadbirkorlar — yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.
Bundan tashqari, 1 sentyabrdan xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.
- Maktablarni rag‘batlantirish maqsadida prezident sovrini ta’sis etiladi
Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish maqsadida prezident sovrini ta’sis etiladi.
Bunda, sovrin uchun musobaqalar umumta’lim maktablari o‘rtasida quyidagi uch bosqichda tashkil etilgan holda:
- birinchi bosqich — tuman va shaharlarda o‘tkazilib, g‘oliblar 100 mln so‘mgacha;
- ikkinchi bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilib, g‘oliblar 250 mln so‘mgacha;
- uchinchi bosqich — respublika miqyosida o‘tkazilib, g‘oliblar 500 mln so‘mgacha pul mablag‘lari bilan mukofotlanadi.
Bundan tashqari, ushbu maktablarning direktorlari va chet tili fani o‘qituvchilari davlat mukofotlariga ham tavsiya etiladi.
- Pedagog kadrlar malaka toifasini berish bo‘yicha attestatsiyadan yil davomida o‘tkaziladi
Malaka toifasini berish va saqlab qolish bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish yil davomida amalga oshiriladi.
Uzrli sabablarga ko‘ra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tili va boshqalar) attestatsiyadan o‘tmagan pedagog kadrlar ishga qaytganiga bir yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyaga jalb etiladi va mazkur davr mobaynida ularning malaka toifasi saqlab qolinadi (o‘z tashabbusiga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmoqchi bo‘lgan pedagog kadrlar bundan mustasno).
- Nogironligi bo‘lgan bolalarni vasiylikka olgan oilalarga to‘lanadigan to‘lovlar 2 mln 700 ming so‘mgacha yetkaziladi
«Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra, 1 sentyabrdan:
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi;
- texnikum, kollej, akademik litsey yoki OTMda o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
- o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarda o‘qish xarajatlari bir yilda BHMning 20 baravarigacha (5 mln 400 ming so‘mgacha) miqdorda kompensatsiya qilinadi;
- o‘qishni davlat OTMlarida davom ettirganda ularga stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.
2021/2022 o‘quv yilidan OTMga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (25 yoshga to‘lmagan) uchun qo‘shimcha ravishda 1 foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.
Shuningdek, 1 sentyabrdan o‘quv-tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar navbatsiz beriladi. Nogironligi bo‘lgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarga to‘lanadigan to‘lovlar BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) yetkaziladi.
Og‘ir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning xorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq miqdorda kompensatsiya qilinadi.
- Maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda mobil guruhlar faoliyati kengaytiriladi
2021−2022 o‘quv yilidan respublikaning barcha hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tizimi joriy etiladi. Bir mobil guruhdagi bolalar soni kamida 16 nafar, ko‘pi bilan 30 nafar bo‘lishi lozim.
Mobil guruhlarga bolalar quyidagilar asosida qabul qilinadi:
- bolaning qonuniy vakillari arizasi;
- tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limlari tomonidan beriladigan yo‘llanma;
- bola sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma.
Mobil guruhlarda o‘quv yili har yili 2 sentyabrdan kelgusi yilning 31 mayigacha hamda yozgi sog‘lomlashtirish davri 1 iyundan 31 avgustgacha hisoblanadi. 1 smenadagi mashg‘ulotlar davomiyligi 3 soatgacha bo‘lishi lozim. Mobil guruhlarda davlat maktabgacha ta’lim xizmatlari bepul ko‘rsatiladi. Mobil guruhlarning ish tartibi 1 kunda 3 smenagacha, hafta davomida 6 kungacha amalga oshirilishi mumkin.
- Gulchilik bilan shug‘ullanayotganlarning xarajatlari qoplab beriladi
1 sentyabrdan 2021−2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSh dollardan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlarning xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi qoplanadi.
Shu bilan birga, Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlari gulchilikka ixtisoslashtiriladi.
- Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish takomillashtiriladi
«Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qaroriga ko‘ra:
1 sentyabrdan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar tomonidan — ta’lim muassasalarida, profilaktika inspektorlari tomonidan — xizmat hududida, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari tomonidan — oilalarda qarovsiz bolalar aniqlanadi.
Voyaga yetmagan shaxsning qarovsiz qolganligi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolar tomonidan aniqlangan hollarda ular bu to‘g‘risida profilaktika inspektoriga xabar beradi. Profilaktika inspektori bola qarovsiz qolganligi to‘g‘risida xulosaga kelsa, tegishli tartibda bolani Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga qabul qilish haqida yo‘llanma tayyorlanadi.
Markaz tomonidan 48 soat ichida qarovsiz bolaning shaxsi aniqlanadi. Bolaning ijtimoiy-huquqiy holatiga baho berish natijasiga ko‘ra ijobiy xulosaga kelinsa, bola ota-onasi (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga topshiriladi.
Markaz yo‘llanmasiga ko‘ra, bola tegishli ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga sinov va imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadi. O‘qish xarajatlari respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. Professional yoki OTMga o‘qishga kirish istagi bo‘lmagan yoki o‘qishga kira olmagan qarovsiz voyaga yetmagan bola 1 oy ichida hududiy mehnat organlari tomonidan ishga joylashtiriladi.
- Uzumchilik va vinochilik klasterlari tashkil etiladi
«Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra:
2021 yil 1 sentyabrdan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari tashkil etiladi;
- aholi tomorqalarida, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmi joriy etiladi;
- uzum yetishtirish, uni quritish, qadoqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport qilishning to‘liq siklini yaratish maqsadida uzumchilik va vinochilik klasterlari tashkil etiladi.
- E-ekspertiza yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi
Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Institut sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi. Shu bilan birga, 1 sentyabrdan:
- davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi beriladi;
- iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi;
- nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy qilinadi.
2022 yil 1 martdan aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma’lumotlarni yetkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlash uchun mo‘ljallangan «E-ekspertiza» yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
- Haydovchilardan ishonchnomani talab etish tartibi bekor qilinadi
1 sentyabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga o‘tkazish orqali mazkur hujjatlarni haydovchidan talab etish tartibi bekor qilinadi.
- Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasida kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi.
Bakalavriat bo‘yicha o‘qitish kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarida tashkil etiladi. Magistratura bo‘yicha o‘qitish rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratiladi hamda ikkinchi darajadagi «tashkiliy-taktik boshqaruv» va birinchi darajadagi «tashkiliy-strategik boshqaruv» yo‘nalishlarida tashkil etiladi. Magistraturaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 1 yilni tashkil etadi.
Shuningdek, 1 sentyabrdan ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni o‘tash uchun faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi. Ichki ishlar organlarining safdor tarkibidagi lavozimlariga nomzodlar faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy-akademik litseylar bitiruvchilari, profilaktika inspektorining yordamchilari, shuningdek, oliy ma’lumotga ega yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha tahsil olayotgan shaxslar orasidan qabul qilinadi.
- Talabalarga fizika fanidan to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshiga har oylik ustama haq to‘lanadi
1 sentyabrdan:
- OTMning «Fizika», «Biotibbiyot fizikasi», «Fizika va astronomiya» kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadasi g‘oliblari va fizika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari fizika mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida magistraturaga o‘qishga qabul qilinadi;
- fizika fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga oylik maoshining 100 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti;
- fizika fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.
2021/2022 o‘quv yilidan oliy ta’lim tizimida fizika fanlari sohalarga moslashtirilgan holda o‘qitiladi.
- Akademik ta’til berilishi bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi
Akademik ta’til berishda quyidagi tartib o‘rnatiladi:
- ta’limni sirtqi va masofaviy shaklga o‘tkazib akademik ta’til olish;
- betob oila a’zosini parvarish qilayotganlarga akademik ta’til beriladi;
-akademik ta’til berilishi bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi (amalda o‘qish davomida 2 marta, tibbiyot talabalari uchun 3 martagacha beriladi);
- akademik ta’tildan qaytgan talabalarni ilgari o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qaytadan o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi.
Ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish 2021 yil 1 sentyabrdan OTM ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, 2021/2022 o‘quv yilidan:
- OTMga kirishda yuqori ball to‘plagan 200 ta yoshlar uchun prezident granti joriy etiladi;
- OTMda 2 va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti beriladi;
- davlat grantlari 25 foizga, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti 2 baravarga oshiriladi;
- xususiy OTMda ham davlat granti beriladi;
Shuningdek, 1 sentyabrdan:
Rossiyaga tashrif buyuruvchi o‘zbekistonliklar «Puteshestvuyu bez COVID-19» («COVID-19`siz sayohat qilaman») maxsus mobil ilovadan foydalanishi kerak bo‘ladi. Ilovada tahlil natijalarini ko‘rish uchun belgilangan laboratoriyalarda PZR-testini topshirish kerak bo‘ladi. Ilovani App Store, Google Play va AppGallery (Huawei ilovalar do‘koni) da yuklab olish mumkin.
Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tarkibida Bolalar ombudsmani institutining bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati, tuman (shahar) hokimliklarida bolalarni himoya qilish sho‘’balari tashkil qilinadi.
Sentyabrdan (aniq sanasi ko‘rsatilmagan) 12 ta davlat aktivi, jumladan «Toshkent» va Hyatt Regency Tashkent mehmonxonalari, Premier Hall kinozali, Matbuot uyi, «Chotqol» dam olish zonasi, ikkita kichik sanoat zonasi va boshqalarni savdoga chiqarish rejalashtirilmoqda.
Respublikadagi OTMda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi (hozirda 14 foiz) miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari beriladi.
Yoshlarning «Biznesga birinchi qadam» startap loyihalari tanlovi doirasida har bir tuman va shaharda 3 nafardan g‘oliblarga grantlar berish amaliyoti joriy etiladi. Loyihalarni har biri uchun 50 mln so‘mlik grantlar beriladi.
YaTT sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, 1 sentyabrgacha YaTT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar uchun davlat boji undirilmaydi.
Yaxshi o‘zlashtirgan maktab o‘quvchilariga 500 ming so‘m miqdorida Toshkent shahar hokimi stipendiyasi joriy etiladi. Bundan tashqari, ularning o‘qituvchilariga 1 mln so‘mdan berilishi belgilandi.
Ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Masofaviy (onlayn) ta’limga asoslangan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud bo‘lishi haqida talab bekor qilinadi.
Monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.
Raqamli ko‘nikmalarni egallash darajasi bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarning «Informatika va axborot texnologiyalari» fani o‘qituvchilariga BHMning 50 foizi miqdorida (135 ming so‘m) har oylik ustama haq to‘lanadi.
2021/2022 o‘quv yilidan Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali tashkil etiladi.
Izoh qoldirish