1 yanvar holatiga ko‘ra respublikadagi mikrokredit tashkilotlari va lombardning aktivlari miqdori 95,7 mln. AQSh dollarini tashkil etdi

1 yanvar holatiga ko‘ra respublikadagi mikrokredit tashkilotlari va lombardning aktivlari miqdori 95,7 mln. AQSh dollarini tashkil etdi

Markaziy bank axborot xizmati xabar berishicha, nobank kredit tashkilotlari ko‘rsatadigan xizmatlar doirasi kengaytirildi va mikromoliyaviy xizmatlar hajmi oshirildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish va aholining asosiy moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, mikromoliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 iyuldagi “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4400-sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq, nobank kredit tashkilotlari ko‘rsatadigan xizmatlar doirasi kengaytirildi va mikromoliyaviy xizmatlar hajmi oshirildi.

Bugungi kunda respublikada 63 mikrokredit tashkiloti va 64 lombard faoliyat ko‘rsatmoqda. 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, ularning aktivlari miqdori 1 010 mlrd. so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga o‘sishi ta’minlandi. Shu davrda kredit portfeli 23,7 foizga o‘sib, 935 mlrd. so‘mga yetdi.

Nobank kredit tashkilotlari sohasini izchil isloh qilish, faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni tizimlashtirish va unifikatsiyalash maqsadida “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–5992-sonli Farmoni ijrosi doirasida Jahon banki ko‘magida eng yaxshi xorijiy tajriba, umume’tirof etilgan me’yor va standartlarni hisobga olgan holda tayyorlandi.

Qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlarining turlari, ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati, nobank kredit tashkilotlarini tashkil etishga doir talablar, shu jumladan, tashkiliy-huquqiy shakli, ta’sischilari, rahbar xodimlari, ustav kapitali, shuningdek, ular faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish tartibi o‘rnatilmoqda.

Hujjat loyihasida faoliyatni litsenziyalashning amaldagi jarayonlari nobank kredit tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bilan almashtirish, hisob ro‘yxatidan o‘tish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati, ularni ko‘rib chiqish va tegishli qarorlarni qabul qilish tartibi belgilanmoqda. Shu bilan birga, lombard faoliyati Markaziy bankka o‘z faoliyati boshlanishi to‘g‘risida xabarnoma yuborganidan keyin amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlari faoliyatini ularning faoliyati tavakkalchiligidan kelib chiqib, mutanosib ravishda tartibga solish va nazorat qilish mexanizmi joriy etiladi, shuningdek, Markaziy bankning ushbu yo‘nalishdagi funksiyalarini bajarish vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasida ko‘zda tutilgan qoidalarda nobank kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda. Xususan, qonunchilik darajasida nobank kredit tashkilotlarining ular ko‘rsatadigan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarini, shartnomalar shartlariga bir tomonlama o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni, shuningdek, iste’molchilarning moliyaviy operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatlari belgilanmoqda.

Umuman olganda, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi respublikamizda yagona moliya tizimining to‘ldiruvchisi sifatida nobank kredit tashkilotlari rivojiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda mikrokredit tashkilotlari va lombardlarning faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida"gi Nizomni tasdiqlagan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar