O‘zbek muhojirlari asosan qaysi davlatlarda ishlaydi? Mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashda qanday muammolar bor? "Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish kutilyaptimi?
Bu haqda Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishida muhokama qilindi.
O‘zbek muhojirlari asosan qaysi davlatlarda ishlaydi?
Bugungi kunda 1,7 mln. o‘zbekistonliklar chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilmoqda.
Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani mazkur muammoning naqadar muhimligidan dalolat beradi.
Shuningdek, joriy yilning 21 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida migrantlar masalasiga alohida urg‘u berilgani, shu kunning o‘zida Rossiyada “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari” mavzusida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya forumi ham migratsiya masalasining mintaqadagi ahamiyatini belgilab berdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz YeOIIga a’zo davlatlar ichida mehnat resurslari bo‘yicha Rossiyadan keyingi o‘rinda turadi.
Rossiyadagi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni bo‘yicha esa, O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish maqsadida o‘ndan ortiq farmon va qarorlar, normativ - huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Bundan tashqari, 2021 yil 30 aprel kuni O‘zbekiston hukumati bilan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandum hamda chora-tadbirlar Rejasi imzolangan. Mazkur hujjatlar mehnat qiluvchilarning ijtimoiy va mehnat huquqlarini himoya qilish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, tashkiliy tanlov asosida vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining 26 ta, Qozog‘istonning 14 ta ish beruvchi korxonalari bilan hamkorlik shartnomalari, shuningdek Rossiya o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari bilan O‘zbekiston fuqarolariga kasbiy ta’lim berish, uni baholash hamda rus tiliga o‘rgatish ishlari bo‘yicha ikki davlat hududida amalga oshirishga qaratilgan bitimlar imzolangan.
Mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashda qanday muammolar bor?
Biroq, ijobiy ishlar bilan birga mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar ham ko‘p uchramoqda.
Misol uchun, ish beruvchining shartnoma shartlarini bajarmaslik, ish haqini kechiktirish yoki to‘lamaslik, mehnat va migratsiya talablariga rioya qilmaslik, soliqdan qochish uchun migrantlarni norasmiy ishlatish holatlari shular jumlasidandir.
Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqiy holatiga tegishli va ularning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, pensiya va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrlarini belgilash va moliyalashtirish, migrantlarning oila a’zolarini himoya qilish, ma’muriy va jinoiy tartibda ta’qib qilish bilan bog‘liq muammolarning huquqiy asosi belgilanmagan.
"Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish kutilyaptimi?
Deputatlar va ishtirokchilar tomonidan aynan shu kabi muammolarning qonuniy yechimiga qaratilgan, mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, O‘zbekistonning mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilish taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilishni tezlashtirish masalasi aytib o‘tildi.
Izoh qoldirish