2020 yilda Toshkent shahrida yo‘llarni yaxshilash uchun 49 mln dollar sarflangan

2020 yilda Toshkent shahrida yo‘llarni yaxshilash uchun 49 mln dollar sarflangan

Toshkent shahrida 2020 yil davomida 492,8 milliard so‘m mablag‘ evaziga jami uzunligi 111,6 kilometr bo‘lgan 318 ta ko‘chalarda qurilish, mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov ma’lum qildi.

Poytaxt hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2020 yilda Toshkent shahrida qurilish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan OAV vakillariga ma’lumotlar berilgan.

Xususan, yirik loyihalar qatoridan Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan Toshkent halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 2,2 kilometr qismini qayta qurish ishlari o‘rin olgan. Uni qurishga 138,2 milliard so‘m sarflangan.

Shuningdek, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi bo‘yicha o‘tgan 2020 yil davomida yo‘l asosini tayyorlash ishlari – 93 foiz, irrigatsiya tarmoqlarini qurish ishlari – 92 foiz, piyodalar va velosiped yo‘llarini qurish ishlari – 95 foiz, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari – 92 foiz, chorrahalarda svetofor o‘rnatish ishlari – 95 foiz bajarilgan.

Bundan tashqari, Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich bo‘yicha hozirda Cho‘ponota ko‘chasi, Kichik halqa yo‘li, Toshkent halqa yo‘li va Qipchoq ko‘chalari oralig‘ida 3 ta yo‘l o‘tkazgich va avtomobil yo‘lini qurish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kun holatiga ko‘ra, qurilish hududda joylashgan va ko‘chirilishi talab etiladigan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va oqova suv, tashqi muhandislik tarmoqlarini qurish ishlari hamda 6 tasmali 3 ta yo‘l o‘tkazgich va avtomobil yo‘lini qurish ishlari bajarilmoqda. Ob’yektga 550 dan ortiq ishchi va mutaxassislar hamda 150 dan ortiq qurilish texnikasi jalb qilingan.

«Qolaversa, 2020 yilda Toshkent shahridagi 277 ta ko‘chalarda 65,5 kilometr (774,8 ming kvadrat metr) yo‘llar asfalt qoplamasi bilan ta’mirlandi. Shundan, 37,8 kilometr (351,8 ming kvadrat metr) markaziy ko‘chalar joriy va 27,7 kilometr (423,0 ming kvadrat metr) mahalla ichki yo‘llari ta’mirlandi», deyiladi xabarda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar