2021 yil yanvar-avgust oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 317,4 trln. so‘mni (29,8 mlrd dollar) tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 48,8 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 157,6 trln. so‘mni, bank kassalari va bankomatlardan chiqim qilingan naqd pullar 159,8 trln. so‘mni tashkil etdi.
2021 yil yanvar-avgust oylarida bank kartalariga 178,1 trln. so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 58,8 trln. so‘mlik (33 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2020 yilning mos davriga nisbatan 50,8 trln. so‘mga oshishi kuzatilgan bo‘lsa, ushbu o‘sishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 21,4 trln. so‘mga hamda banklar tomonidan aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun 16,6 trln. so‘m oshishi hisobiga yuzaga keldi.
Iqtisodiyotning naqd pulga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida muomalaga qo‘shimcha pullar chiqarib borish hajmi muomaladan ortiqcha pullarning qaytish hajmiga nisbatan kam bo‘ldi.
Natijada 2021 yil 1 sentyabr holatiga muomaladagi naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 23 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foiz bandga pasaydi.
Izoh qoldirish