2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan 2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalarining 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olishga erishish rejalashtirilmoqda.

2021 yil 1 yanvardan boshlab qurilish ustidan jamoat nazoratini ta’minlash maqsadida quyidagi tartib o‘rnatiladi:

a) aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Bunda aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

I bosqich — fuqarolarni jamoat muhokamasini o‘tkazish muddatlari, joyi va tartibi bilan tanishtirish;

II bosqich — aholi punkti bosh rejasining loyihasi bo‘yicha jamoat muhokamalarini (yashovchilar, yerdan foydalanuvchilar va ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlarining muhokamalari, ijtimoiy so‘rovlari, fikrlarini to‘plash va boshqa usullar) o‘tkazish;

III bosqich — jamoat muhokamasining qayd etilgan natijalari asosida jamoat fikrini tahlil qilish;

IV bosqich – jamoat muhokamasi natijalari haqida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali aholini xabardor qilish.

b) aholi punktlari bosh rejalarining yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlariga muvofiqligi yuzasidan jamoat ekspertizasini amalga oshirish imkoniyati joriy etiladi;

v) aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo‘lgan jamoat nazorati sub’yektlarining tashabbusiga ko‘ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o‘zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;

g) aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar