“Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududini qisqartirish hisobiga quyidagilar tashkil etildi:
- “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi;
- “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi.
Termiz xalqaro savdo markazi hududida, jumladan:
- zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash xizmatlari va elektron savdo portallari tashkil etiladi;
- “yagona darcha” va boshqa xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi;
- Afg‘onistondan kiruvchi shaxslarning, istisno tariqasida, O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, shaxsiy va pasport nazoratidan o‘tgan holda 10 kun davomida hududda bo‘lish tartibi joriy etiladi;
- tadbirkorlar tomonidan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilinadigan hamda Afg‘onistonga olib chiqiladigan tovarlar va xizmatlar eksportga tenglashtiriladi;
- chet el tovarlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda, istisno tariqasida, ushbu tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
- Termiz xalqaro savdo markazi hududiga Afg‘oniston tomonidan kirish va undan chiqish “Termiz-avtoyo‘l” o‘tkazish punktidan maxsus texnik vositalari bilan jihozlangan alohida yo‘lak (koridor) orqali amalga oshiriladi.
Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.
Izoh qoldirish