Aholi murojaatlarini hal etish uchun joylarda “Tezkor shtablar” tashkil etilmoqda

Aholi murojaatlarini hal etish uchun joylarda “Tezkor shtablar” tashkil etilmoqda

Joriy yilning 23 iyul kuni Davlatimiz Rahbari boshchiligida “Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, respublikamizning barcha hududlarida mahalliy mutasaddilar uchun maxsus o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

“Zoom” platformasi orqali tashkil etilayotgan seminarlarda markaziy studiyalardan viloyat hokimlari, ularning tegishli o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari hamda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlar ishtirok etishyapti.

Joylardagi studiyalardan esa shahar va tumanlar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari tumandagi sektor rahbarlari va tashkilot boshliqlari qatnashyapti.

O‘quv seminarlar davomida videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan ma’ruzachilar so‘zga chiqishmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islamov, “Aholi murojaatlari bilan ishlashdagi dolzarb muammolar”, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari Farhod Azizov “Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish” hamda Sarvar Mamadiyev “Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlari yuzasidan yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berib o‘tyaptilar.

Tashkil etilgan mazkur seminarda aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak va ko‘rsatmalar ham berilyapti.

Ma’ruzalar bilan bir qatorda joylarda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish bo‘yicha hokimliklar qoshida “Tezkor shtab”lar tuzilyapti. “Tezkor shtab” rahbari viloyat hokimi bo‘lib, shtab faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, Davlat Rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar hamda yuqori tashkilotlar tomonidan yuborilgan topshiriq va tavsiyalar ijrosini ta’minlaydi. Sayyor va shaxsiy qabullar o‘tkazadi.

Shtablar tarkibiga mutasaddi tashkilotlardan buyruq asosida ijrochi xodim ajratilyapti. Shtabning ijro hujjatlarini elektron bazaga kiritish uchun 4 ta kompyuter va 4 ta printer hamda 4 ta xodima ajratildi. Tuzilgan dalolatnomalar bo‘yicha ma’lumotlar Xalq qabulxonasiga va viloyat shtabiga o‘z vaqtida taqdim etilmoqda.

“Tezkor shtab” guruhi elektron bazasiga kiritish, korxonalar tomonidan qayta o‘rganilgan murojaatlar to‘g‘risidagi dalolatnomalar va fuqarolarning tushuntirish hamda minnatdorchilik xatlari bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni yig‘adi. Natijada ushbu ko‘rsatkichlar haqqoniyligini Xalq qabulxonalari mudir va mutaxassislari o‘rgangan holda hujjatlar yig‘ib boriladi.

Bugungi kunga qadar o‘quv seminarlar Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar