Joriy yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Akseleratori (Akselerator) tomonidan mutasaddi vazirliklar va idoralar rahbarlarining (leadership meeting) Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) platformasida tashkil etilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad davlat organlarining o‘zaro hamkorligini faollashtirish, ularning resurslarini safarbar etish, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumat Akseleratori metodologiyasiga muvofiq 100 kunlik muddatda ko‘rsatib o‘tilgan muammoli masalalarni yechishning maqsadli ko‘rsatkichlarini o‘zaro kelishib olishdan iborat edi.
Yig‘ilish Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O.Hakimov rahbarligida, shuningdek, Akselerator koordinatorlari M.Babadjanov, A.Xalmurzayev va T.Niyozmatovlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Tasdiqlangan muammolarni hal etish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar va idoralardan rahbar va mas’ul ijrochilar darajasida 20 nafardan ortiq ishtirokchilar yig‘ilishda qatnashdi.
Tadbir davomida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati 3 oy ichida hal qilinishi kerak bo‘lgan quyidagi muammolarni ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi:
1. Islohotlarning amalga oshirilishini baholash va monitoring qilish tizimini shakllantirish.
So‘nggi yillarda respublikada aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Endilikda islohotlar natijalarini tizimli va xolis baholash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda islohotlar natijalarining miqdoriy va sifat jihatdan qiyosiy tahlilini (KPI) o‘tkazish, elektron ma’lumotlar bazalarini yaratish taklif etilgan bo‘lib, bu katta hajmdagi statistik va boshqa ma’lumotlardan iborat bunday ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va baholashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni baholash va monitoring qilish tizimini shakllantirish bo‘yicha qaror qabul qilishdi.
2. Quyosh fotoelektr stansiyalari, energiya saqlash qurilmalari va quyosh issiqlik kollektorlari o‘rnatish orqali iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga o‘tish.
Bugungi kunda mamlakatda iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishda uzilishlar, an’anaviy manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv resurslari, gaz va ko‘mir yetishmasligi bilan bog‘liq ba’zi holatlar uchrab turibdi. Shuningdek, IESda elektr energiyasi ishlab chiqarish natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqarilishi atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Muqobil energiya manbalarini joriy etishning ahamiyati kundan-kunga ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar quyosh fotoelektr stansiyalari, energiya saqlash qurilmalari va quyosh issiqlik kollektorlarini o‘rnatish, shuningdek, “quyosh panellari uchun kredit" kredit liniyasini ochish va yuqorida qayd etilgan uskunalarni sotib olish harajatlarini qoplash muddatini qisqartirish orqali iste’molchilarni elektr energiyasi va issiq suv bilan ta’minlashga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha “pilot” loyihasini yo‘lga qo‘yishni taklif qilishdi. “Pilot” loyihasi doirasida Toshkent shahridagi mahallalardan biriga shunday uskunalar o‘rnatish rejalashtirilgan.
3.Iqtisodiyotda yoqilg‘i narxlari keskin tebranishining oldini olish va uning barqarorligini ta’minlash .
2020 yil 1 maydan boshlab mamlakatimizda barcha turdagi benzin va dizel yoqilg‘isining chakana narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi bekor qilindi hamda neftni qayta ishlash zavodlari ularni faqat birja savdolari orqali sotishi belgilandi.
Bunday sharoitda jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi ichki bozorda yoqilg‘i narxining keskin o‘zgarishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida aholining xarid qobiliyatining pasayishiga, mahsulot va xizmatlar tannarxining oshishiga, shuningdek, respublika iqtisodiyoti raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.
Shu munosabat bilan jahon bozorida yoqilg‘i narxi keskin oshib borayotgan sharoitda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida yoqilg‘i narxining o‘zgarishlarini barqarorlashtirishning aniq mexanizmlarini joriy etish taklif etilmoqda.
_________________________________________________________________________________________________
Ta’kidlab o‘tish joizki, har bir yo‘nalish bo‘yicha ushbu masalalarga mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, ular oraliq natijalarni umumlashtiradi va har 25 kunda mas’ul rahbarlarga (“Leadership” guruhi) hisobot taqdim etadi.
100 kunlik ish natijalariga ko‘ra, yakuniy bosqichda Akselerator rahbarlarining yig‘ilishi tashkil etiladi va belgilangan har bir yo‘nalishni hal etishda erishilgan natijalar bilan tanishtirib o‘tiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish