Alisher Usmonov o‘z hisobidan O‘zbekistonga 500 ming vaksina olib beradi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
"Alisher Burxonovich 1 mln vaksinadan 500 mingini o‘zimni hisobimdan olib beraman, dedi. "Men Namanganni yaxshi ko‘raman, birinchi 50 mingini ularga bergin" deb iltimos qildi. Biz hozirda emlash masalasini ham ko‘rib chiqayapmiz. Shuningdek, bugun ertalab menga xabar qilishdiki, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bo‘yicha atigi 11 ta holat aniqlangan. Bu juda katta natija. Biz ko‘rgan choralar mana shunday natijaga erishishimizga zamin yaratdi", dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgani haqida xabar qilgan edik. Ushbu vaksinadan 1 million doza xarid qilish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida asli o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning O‘zbekistonga ko‘rsatayotgani yordami haqida to‘xtalib o‘tgan edi.
"O‘zbekiston farzandi Alisher Burhonovich Usmonov qaysi davlatda koronavirusga qarshi yangi dori topilsa, xalqim uchun o‘zim pulini to‘lab olib kelib beraman, deb aytyapti", degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish