“Amirsoy” zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

“Amirsoy” zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

“Amirsoy” zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, “PGI management” kompaniyasi (Andorra) direktori Tomas Tor-Yensen va “Amirsoy” MChJ QK bosh direktori o‘rinbosari Valeriy Kim ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Amirsoy” tog‘-chang‘i kompleksi loyihasi amalga oshirilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Tomas Tor-Yensen o‘z navbatida tog‘-chang‘i trassalari va dor yo‘llari qurilishida eng ilg‘or va innovatsion texnologiyalar qo‘llanilganini ta’kidladi. “Amirsoy” Qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari V.Kim esa joriy yilning 21 dekabrida bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimiga tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda, Hukumatning 2017 yil 14 sentyabrdagi Farmoyishiga muvofiq Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chimyon” kurort-dam olish zonasining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy turistlarni hududning noyob tabiati va tog‘ landshafti bilan keng tanishtirish, shuningdek, xalqaro darajadagi tog‘-chang‘i kurortini qurish loyihasini amalga oshirish belgilanganini alohida ta’kidlash joiz. “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti 892 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 580 o‘ringa mo‘ljallangan. Loyiha bo‘yicha 300 yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Uning umumiy qiymati 100,0 mln. AQSh dollarini tashkil qiladi. Loyihaning birinchi bosqichi 2019 yilning IV choragida, ikkinchi bosqichi esa 2022 yilning III choragida tugallanishi rejalashtirilgan. “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti – O‘zbekistonda qurilayotdagi eng yirik va kutilgan turistik ob’yektlardan biri. Loyiha mamlakatimizdagi birinchi zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti bo‘lib, unda mijozlarga qulay, xavfsiz va sifatli, jahon talablari darajasida xizmat ko‘rsatiladi.

Qishki dam olish maskani umumiy hisobda uzunligi 3 km. dan ortiq 2 ta osma dor yo‘li va jami 10 km. bo‘lgan turli murakkablikdagi 8 ta tog‘-chang‘i trassalariga ega. Bundan tashqari, tog‘-chang‘i kurortida qish mavsumi uchun umumiy uzunligi 21,93 km.bo‘lgan dor yo‘li mavjud bo‘lib, uning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 2400 kishini tashkil qiladi. Dor yo‘li Avstriyaning “Doppelmayr Seibahnen GmbH” kompaniyasi tomonidan qurilgan bo‘lib, unda turli murakkablikdagi 28 ta relefli trassa mavjud. Kurortda zamon talablariga to‘la mos keladigan infratuzilma hamda servis xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu hududda Argentina, Ispaniya va Daniya mutaxassislari nazorati ostida turli murakkablikdagi 15 km. uzunlikdan iborat tog‘-chang‘i yo‘llari qurildi. Ularning 4 tasi kurortning eng yuqori nuqtasidan boshlanadi, eng uzun trassa esa 3550 metrni tashkil qiladi. Boshlang‘ich chang‘i uchuvchilar uchun maxsus hudud qurilgan bo‘lib, unda 5 ta konveyer tipidagi yuqoriga harakatlanuvchi liftlar mavjud. Shuningdek, “shale” uslubidagi 40 ta yog‘och uy, 3 ta restoran, sport maktabi, tog‘ chang‘isi va boshqa uskunalarni ijaraga olish nuqtalarini o‘z ichiga olgan ko‘p tarmoqli markaz hamda vertolet maydonchasi qurildi. Ushbu hudud yaqinida tyubing, piyoda sayohatlar, qorda yurish uchun maxsus turlar, chana va kvadrotsiklda uchishni o‘z ichiga olgan ko‘ngilochar zona va maxsus bolalar maydonchasi tashkil etilgan. “Biz ushbu kurort qurilishiga eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalarni jalb qilganmiz, qolaversa, qurilish ishlari ham barcha xavfsizlik qoidalariga muvofiq ravishda olib borilmoqda. Dam olish maskani Yevropa talablari darajasidagi kurortlardan biriga aylanishiga ishonchim komil. Kurortning yana bir qulayligi shundaki, u Toshkent shahri hamda xalqaro aeroportiga yaqin hududda joylashgan”, - deydi Tomas Tor-Yensen.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar