2023 yilning 1-aprel holatiga Andijon viloyatida doimiy yashovchi aholi soni, yil boshiga nisbatan 15,4 ming kishiga (0,5%) ko‘payib, jami 3 338 ming kishini tashkil etdi. Xususan, shahar aholisi 1 743 ming kishiga (jami aholining 52,2%), qishloq aholisi esa 1 596 ming (jami alohiling 47,8%) kishiga yetdi. Andijon viloyati aholi soni bo‘yicha respublikada Samarqand (4 138 ming), Farg‘ona (3 995 ming) va Qashqadaryo(3 499 ming) dan keyin 4-o‘rinni egalladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 1-aprel holatiga mehnatga layoqatli aholi, viloyat doimiy aholising 56,2% ini, mexnatga layoqatli yoshdan kichiklar 32,5% ni va mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 11,3% ni tashkil qilgan. Aholi sonining taqsimlanishi 1 691 ming nafar erkaklar (50,7%), 1 647 ming nafar ayollar (49,3%) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar kesimi bo‘yicha qaralganda, Andijon shahri (470 ming), Asaka (349 ming) va Shahrixon tumanlari (319 ming) viloyatdagi eng ko‘p aholi istiqomat qiluvchi, Bo‘ston (77 ming), Ulug‘nor (63 ming) va Xonobod (45 ming) shahri esa viloyatdagi kam aholi istiqomat qiluvchi hududlar hisoblanadi.
Viloyat bo‘yicha 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 7,8 kishi to‘g‘ri kelib, Andijon shahri (67,2 kishi), Xonobod shahri (22,6 kishi) va Asaka tumani (13 kishi) aholi eng zich joylashgan hududlar sirasiga kiradi.
2023 yil I kvartali davomida tug‘ilishlar soni 19,3 mingtani, o‘limlar soni 3,5 mingtani, qayd etilgan nikohlar soni 3,7 mingtani va nikohdan ajralishlar 1,5 mingtani tashkil etgan.
Aholi migratsiyasi bo‘yicha, viloyatga 1,5 ming kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelgan bo‘lsa, 1,9 ming kishi doimiy yashash maqsadida viloyatdan ko‘chib ketgan.
Izoh qoldirish