AOKAda Respublika tovar xom-ashyo birjasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda 2021 yilning shu davrigacha onlayn-auksionlar orqali sotilgan “chiroyli” avtoraqamlar miqdori va summasi haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 7 oylik yakunlariga ko‘ra birja savdolari orqali 797,3 ming dekalitr etil spirti, 12,6 ming tonna polivinilxlorid, 1 225 tonna formalin va 224 kilogramm kumush sotilgan.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 46,7% ga o‘sib, qariyb 46,0 trln so‘mni tashkil qilgan.
Bunda tuzilgan bitimlar hajmining 87%i birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri keldi.
Yanvar-iyul oylarida elektron davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2,4 barobarga oshib, 4 670,3 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi ikki marotabaga o‘sib, 840,6 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auksionlar orqali 168,7 mlrd so‘mlik 83,2 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,4 barobarga, hajmi bo‘yicha – 42% ga o‘sdi. Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi – 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mni tashkil qildi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,0 mln so‘mga teng bo‘ldi.
Izoh qoldirish