O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensaloqa tarzida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 17 milliondan ziyodini xotin-qizlar tashkil qilyapti. Ularning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Buning uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Senat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, «Xalq banki» tizimida, eng avvalo, «Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash departamenti» tashkil etildi. Bankning 14ta hududiy va 196ta tuman (shahar) filliallariga xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy qilingan boshqaruvchi o‘rinbosari lavozimlariga eng munosib nomzodlar tayinlandi va ish rejalari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar hamda «Hunarmand» uyushmalari, xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, shuningdek, boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligiga xos bo‘lgan 60 xildan ortiq namunaviy «Biznes reja» loyihalari va tarqatma materiallar tayyorlanib, joylarga yetkazildi. Ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish va tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha alohida veb-sahifa hamda «telegramm bot» ishga tushirilmoqda.
«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarning xohish-istaklari, har bir hududning ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, biznesga yo‘naltirish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar bilan tushuntirishlar berildi. Bu bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-kurslariga esa 2 ming nafardan ziyod ayollar jalb qilindi.
Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan hamda «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarning biznes loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Izoh qoldirish