"Valday" klubining Osiyo konferensiyasi Samarqandda bo‘lib o‘tadi
Samarqand shahrida 10-11 noyabr kunlari “Valday” Xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Joriy yil o‘ninchi bor o‘tkaziladigan mazkur konferensiya o‘tgan davr mobaynida mintaqaviy muammolar va umumiy global tahdidlar bo‘yicha ekspertlar muloqotini tashkil etish maydonga aylandi.
Samarqand shahrida 10-11 noyabr kunlari “Valday” Xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Joriy yil o‘ninchi bor o‘tkaziladigan mazkur konferensiya o‘tgan davr mobaynida mintaqaviy muammolar va umumiy global tahdidlar bo‘yicha ekspertlar muloqotini tashkil etish maydonga aylandi. Bu galgi konferensiyaning mavzusi – “Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik”. Klubning yubiley tadbirini o‘tkazish uchun Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston tanlandi. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni davlatlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish siyosati Markaziy Osiyodagi o‘zaro munosabatlar muhitini ijobiy tomonga o‘zgartirgani alohida e’tiborga olindi. Bugungi kunda Osiyo mintaqasi zamonaviy dunyoning muhim geosiyosiy markazlaridan biriga aylanib, jahon iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda alohida o‘rin tutmoqda. Bu esa konferensiyaning ahamiyatini yanada oshiradi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin “An’anaviy Valday konferensiyasi – 2019” yalpi sessiyasidagi chiqishida Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik tamoyillari xususida so‘z yuritarkan, mohiyatan yangi dunyoviy tartibning kelajagini tasvirlab berdi. O‘ninchi bor o‘tkaziladigan mazkur konferensiya ishtirokchilari ham jahon va mintaqa yetakchilari qarashlarini tahlil qilib, hududning kelajagiga daxldor g‘oyalarni ilgari surishadi. “Valday“ munozara klubi 2004 yilda tuzilgan. Tuzilma taniqli xalqaro ekspertlarning rossiyalik olimlar, siyosatchilar va davlat arboblari bilan uchrashuvlari uchun qulay platforma sifatida qayd etiladi. Klubning bugungi kundagi faoliyati, asosan, global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni tadqiq etishga yo‘naltirilgan. Tashkil etilgan kundan boshlab klub ishida 74 mamlakatdan mingdan ziyod ekspert qatnashdi. Nisbatan yosh bo‘lishiga qaramasdan, ushbu munozara maydoni xalqaro ekspertlar jamoatchiligi tomonidan eng nufuzli tuzilmalardan biri sifatida tan olindi. “Valday“ klubi tadbirlari doirasida dunyoda muayyan ta’sir kuchi va doirasiga ega uchli ekspertlar, tahlilchi va mutaxassislar to‘planadi. Ular muhim muammolar yechimi bo‘yicha qarorlar ishlab chiqish jarayonida ishtirok etishadi, jahon iqtisodiyoti va siyosatining dolzarb masalalariga oid takliflarni muhokama qiladi. Bu galgi konferensiyani tashkil etishda “Valday“ klubining mamlakatimizdagi yetakchi tadqiqot markazi, xalqaro siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamkor hisoblanadi. “Valday”ning Samarqand shahrida o‘tadigan konferensiyasida 11 davlat, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Hindiston, Tojikiston, Germaniya, Filippin, Yaponiya, Shvetsiyadan 70 dan ortiq ekspert ishtirok etishi kutilmoqda. Bu yilgi tadbirda ilk bor G‘arb davlatlaridan vakillar, jumladan, Frankfurtdagi Dunyoni o‘rganish instituti muxbir-a’zosi Xans-Yoaxim Shpanger, Uppsal universiteti Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari instituti (IRES) dotsenti Gregori Saymons, Germaniya-Rossiya forumi ilmiy direktori Aleksandr Rar singari taniqli mutaxassislar qatnashadi. Osiyoning eng yirik davlatlaridan keladigan ekspertlar orasida “Sasakawa Peace Foundation” katta ilmiy xodimi Taysuke Abiru, Fudan universiteti Xalqaro tadqiqotlar instituti professori Chjao Xuashen, Filippin futurologiya markazi ijrochi direktori Alan Ortiz va boshqalar bor. Rossiya tomonidan konferensiyada Yevroosiyo iqtisodiyot komissiyasi Protokol va tashkiliy ta’minot departamentining tahliliy kuzatuv bo‘limi boshlig‘i Viktor Shaxmatov, SKOLKOVO Moskva boshqaruv maktabining Yevroosiyo tadqiqotlari laboratoriyasi rahbari Gauxar Nurgaliyeva, “Valday” Xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi Andrey Bistritskiy, “Valday” Xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ilmiy ishlar bo‘yicha direktori Fyodor Lukyanov, “Valday” klubi dasturiy direktori Timofey Bordachyov va boshqalar ishtirok etadi. Konferensiyaga mezbon sifatida mamlakatimizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov qatnashadi. Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Doniyor Qurbonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro, iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Sherzod Abdullayevlar ekspertlar darajasida ishtirok etadi. Konferensiyada mintaqaviy dolzarb masalalar jahon miqyosidagi yirik evrilishlardan kelib chiqib muhokama etiladi. Kun tartibiga qo‘yilgan masalalar orasida xalqaro xavfsizlik va makromintaqaviy barqarorlikni rivojlantirish mavzulari muhim o‘rin tutadi. Mintaqaviy hamkorlikni birgalikda rivojlantirish, global barqarorlik darajasini oshirish yo‘llarini qidirishga bag‘ishlangan sho‘’ba majlislari ham tashkil qilinadi. Osiyo mintaqasi istiqbolini belgilashdagi yondashuvlar muhokamasiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama muloqotlar kelajagi alohida sho‘’ba majlislarida muhokama qilinadi. Unda o‘zaro aloqalarning joriy holati, ikki davlat hamkorligining yangi shakl va yo‘nalishlarini topish masalalariga alohida e’tibor beriladi.
Izoh qoldirish