Birjada AI-80 markali benzinning narxi 3,7 % ga o‘sdi

Birjada AI-80 markali benzinning narxi 3,7 % ga o‘sdi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 23-29 noyabr kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 190,0 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,6% ga kamdir. Bunda sotuvlarning 87,4% - birja savdolari, 2,6% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 9,5% - elektron davlat xaridlari va 0,6% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 432,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 22,7 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 496 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 6,7 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 3,9% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 11,2% ikkinchi, 16,1% uchinchi, 14,9% to‘rtinchi, 20,5% beshinchi va 33,4% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 039,6 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 6 728,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 2 743,0 tonnasi, ya’ni 40,8% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 98 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 12 967,3 ming so‘mdan 11 286,9 ming so‘mgacha, ya’ni 13,0% ga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 13 150,0 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Birjaning shakar bozorida kichik o‘zgaruvchanlik kuzatildi. Hafta davomida birja savdolariga 8 639,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 7 328,0 tonnasi, ya’ni 84,8% sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 085,5 ming so‘mdan 6 040,9 ming so‘mgacha, ya’ni 0,7% ga sezilarsiz darajada pasaygan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 6 092,6 ming so‘mni, import qilingan 3-kategoriyali shakarning haftalik kotirovkasi esa 6 413,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement

Qurilish mavsumi yakunlanganligiga qaramasdan sement bozori narxlarni biroz o‘sishni namoyon etishni davom ettirmoqda. Hafta davomida birja savdolariga 152 456,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 141 923,0 tonnasi, ya’ni 93,1% sotildi.

Shu bilan birga, birja savdolariga qo‘yilayotgan sement hajmini pasayganligi sababli, uning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari ham avvalgi haftaga nisbatan deyarli 1,5 marotaba pasayib, 28,4 ming tonnani tashkil qildi.

Natijada, ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 512,0 ming so‘mdan 539,1 ming so‘mgacha, ya’ni 5,3% ga ko‘tarilgan.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 24 338,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 20 273,3 tonnasi, ya’ni 83,3% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 52 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha boshlang‘ich narxlari bir tonnasi uchun 5 294,0 ming so‘mdan 5 490,3 ming so‘mgacha yoki 3,7 % ga o‘sdi. Shu munosabat bilan, AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi ham bir tonna uchun 5 325,1 ming so‘mdan 5 557,1 ming so‘mgacha yoki 4,4% ga ko‘tarildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 5 476,8 ming so‘mni, AI-91 – 6 203,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar