Birjada paxta yog‘i, benzin, sement narxi pasaydi

Birjada paxta yog‘i, benzin, sement narxi pasaydi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 5 – 11 iyul kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 661,3 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 7,5% ga kam, deyiladi O‘zRTXB axborot xizmati xabarida.

Bunda sotuvlarning

- 84,7% - birja savdolari;

- 1,8% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari;

- 12,9% - elektron davlat xaridlari;

- 0,6% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 501,9 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 30,8 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 4 087 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 10,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 9,6% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 17,3% ikkinchi; 11,4% uchinchi; 12,4% to‘rtinchi; 16,9% beshinchi va 32,4% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 407,4 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birjaning paxta yog‘i bozorida narxlar pasaydi. Hafta davomida birja savdolariga 2 577,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 973,0 tonnasi, ya’ni 37,7% sotildi. O‘rtacha xaridorlar soni 147 kishini tashkil qildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari esa 195 tonnaga teng.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda paxta yog‘ining barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 16 670,7 ming so‘mdan 14 984,3 ming so‘mgacha, ya’ni 10,1% ga pasaydi.

Sement

Birjaning sement bozorida ichki talab o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 332 552,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 193 788,0 tonnasi, ya’ni 58,3% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 38,7 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 518,6 ming so‘mdan 518,0 ming so‘mgacha pasaydi.

Benzin

O‘tgan haftada birjada avtomobil benzinining narxi biroz pasaydi. O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 25 898,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 19 375,4 tonnasi, ya’ni 74,8% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 3,9 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 109,8 ming so‘mdan 7 096,9 ming so‘mgacha pasaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 apreldagi PQ-4664-son qaroriga muvofiq «O‘zbekneftgaz» AJ tasarufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan avtomobil benzinining boshlang‘ich narxlari, jahon birjalardagi Brent neftining kotirovkalaridan kelib chiqib shakllanadi.

Turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar