Birjada paxta yog‘i, sement, suyultirilgan gaz narxi pasaydi va 8,3 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi

Birjada paxta yog‘i, sement, suyultirilgan gaz narxi pasaydi va 8,3 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi

2 – 8 avgust kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 620,9 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 1,4% ga kamdir.

Bunda sotuvlarning:

- 87,8% - birja savdolari;

- 1,2% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari;

- 10,5% - elektron davlat xaridlari;

- 0,5% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 559,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 28,7 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 289 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning:

- 12,3% birinchi toifadagi avtoraqamlarga;

- 18,2% ikkinchi;

- 9,2% uchinchi;

- 9,8% to‘rtinchi;

- 14,7% beshinchi;

- 35,9% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 423,1 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

Birjaning paxta yog‘i bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. O‘tgan haftada birja savdolariga 3 078,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 654,0 tonnasi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 101 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 17 898,9 ming so‘mdan 16 617,5 ming so‘mgacha, ya’ni 7,2% ga pasayganini ta’kidlash lozim.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda 1-navli paxta yog‘ining o‘rtacha haftalik kotirovkasi 18 247,2 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 347 814,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 216 666,0 tonnasi, ya’ni 62,3% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 43,3 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 507,1 ming so‘mdan 500,9 ming so‘mgacha, ya’ni 1,2% ga pasaydi.

Suyultirilgan gaz

O‘tgan haftada birja savdolariga 1 300,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va uning butun hajmi, ya’ni 100,0% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 88 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gazning o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 6 588,7 ming so‘mdan 6 565,4 ming so‘mgacha pasaydi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gazning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 6 436,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar