Birjada shakar narxi ko‘tarildi

Birjada shakar narxi ko‘tarildi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 1-5 iyun kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi"ning barcha savdo platformalarida 1,1 trln so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 24,2 foizga ko‘p.

Bunda sotuvlarning 89,5 foizi birja savdolari, 4,7 foizi ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 5,5 foizi elektron davlat xaridlari va 0,3 foizi avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 29,1 foizga ko‘payib 406,4 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 15,4 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 690 ta avtoraqamlar sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 3,6 mlrd so‘mni tashkil qildi. Savdolar natijasida bitimlarning 19,0 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 52,3 foizi ikkinchi va 28,7 foizi uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali 23,1 foiz o‘sish bilan jami 1 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘ydi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 2 192,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 818,0 tonnasi, ya’ni 37,3 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 31 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 8,9 mln so‘mdan 9,2 mln so‘mgacha, ya’ni 2,9 foizga o‘sdi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 1,5 foizga o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 9,5 mln so‘mni tashkil etdi.

Taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli birjaning shakar bozorida barqarorlik saqlanmoqda. O‘tgan haftada birja savdolariga 9 720,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 4 180,0 tonnasi, ya’ni 43,0 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 16 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 5,2 mln so‘mdan 5,3 mln so‘mgacha, ya’ni 2,2 foizga ko‘tarildi. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va mahsulotning bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mni tashkil qildi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 110 240,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 14 768,8 tonnasi, ya’ni 13,4 foizi sotildi.

Birja savdolarida “O‘zbekneftgaz” AJ neft bazalari, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari va benzinni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3,8 mln so‘mdan 3,5 mln so‘mgacha, ya’ni 9,2 foizga pasaydi.

AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 8,6 foizga pasayib, benzinning bir tonnasi uchun 3,5 mln so‘mni, AI-91 benzinni narxi 14,1 foizga pasayib – 4,4 mln so‘mni tashkil etdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar