Biznes muhiti Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida hisoblab chiqiladigan oylik tahliliy ko‘rsatkich.
2024 yil avgust oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok etgan bo‘lib, bu esa o‘z navbatida so‘rovnomaning yuqori darajadagi reprezentativligini ta’minlaydi va iqtisodiyotning hozirgi holati to‘g‘risida asosiy xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Yig‘ma biznes muhiti
Avgust so‘rovi natijalariga ko‘ra, biznes muhitining yaxshilanishi qayd etildi. Biznes muhiti indeksi o‘tgan oyga nisbatan 6 bandga yaxshilanib, 53 bandni tashkil etdi.
Joriy iqtisodiy holatni "yaxshi" deb baholagan respondentlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan 4 foiz bandga (f.b.) oshib, 41%ga yetdi.
Tadbirkorlarning 39%i so‘nggi uch oy ichida o‘z mahsulotlariga/xizmatlariga talab oshganini, bu iyul oyiga nisbatan 4 f.b.ga yuqori ekanligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, 29% tadbirkorlar kelgusi 3 oyda narxlarning oshishini kutayotganligini bildirgan, bu o‘tgan oy darajasidan 9 f.b.ga yuqori. Shu bilan birga, narxlarning tushishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 8%da o‘zgarishsiz qoldi.
Avgust oyida barcha iqtisodiyot tarmoqlarida biznes muhiti indeksining yaxshilanishi kuzatilgan.
Xususan, qishloq xo‘jaligida biznes muhiti 10 bandga oshib va 56 bandni; sanoatda 7 bandga o‘sib, 50 bandni; qurilishda 11 bandga o‘sib, 56 bandni tashkil etgan bo‘lsa, eng kichik o‘sish xizmatlar sohasida kuzatilib, 1 bandga oshib, 52 bandni qayd etgan.
Biznesning joriy holatini baholash
Biznes muhitining joriy holati indeksi o‘tgan oyga nisbatan 9 bandga o‘sib, 39 bandni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligi 12 bandga o‘sib, 47 bandni; sanoat 18 bandga o‘sib, 38 bandni va qurilish esa 17 bandga sezilarli tarzda o‘sib, 45 bandga yetgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida biznesning joriy holat ko‘rsatkichi 2 bandga o‘sib, 36 bandga yetgan.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, sanoat va qurilish sohalarining ko‘rsatkichlarida sezilarli yaxshilanishlar ishlab chiqarish faolligi va talabning ortib borayotganidan dalolat beradi.
Biznes kutilmalarini baholash
Biznes muhitining istiqboldagi kutilmalari 1 bandga o‘sib, 67 bandni tashkil etdi. Qishloq xo‘jaligida indeks 8 bandga o‘sib, 67 bandni, qurilishda – 5 bandga o‘sib, 67 bandni qayd etgan bo‘lsa, sanoatda keyingi 3 oyda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha kutimalar 6 bandga tushib, 63 bandni tashkil etgan va xizmatlar sohasida tadbirkorlarning kutilmalari indeksi 69 bandda o‘zgarishsiz qolgan.
Qishloq xo‘jaligi va qurilishda kayfiyatning yaxshilangani tadbirkorlarning ushbu sohalarga ijobiy munosabati va ishonchidan dalolat beradi. Biroq, sanoatning pasayishi muammolarni yoki noaniqlikni ko‘rsatishi mumkin.
Biznesning dolzarb muammolari
Tadqiqot davomida tadbirkorlar tez-tez duch keladigan eng dolzarb muammolar aniqlandi. Xususan, moliyalashtirish muammolarini qayd etgan tadbirkorlar ulushi mos ravishda 3%ga va yuqori soliq stavkalarini qayd etganlar 2%ga kamaydi.
Shu bilan birga, soliq ma’murchiligidagi murakkablikni tadbirkorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siq sifatida ko‘ruvchilar ulushi o‘zgarishsiz, 5% darajasida saqlanib qolgan.
Shuningdek, moliyalashtirishni biznes rivojidagi asosiy to‘siq deb biluvchi tadbirkorlar ulushining kamayishi kuzatilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich yanvar oyidagi 17%dan avgust oyida 10%gacha kamaygan.
Biznes muammolarining sohalar kesimidagi tahlili
Yuqori soliq stavkalari hali ham dolzarb bo‘lsa-da, sanoatda moliyalashtirish va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning pasayishi kuzatilgan.
Qishloq xo‘jaligida boshqa muammolar kamayganiga qaramay, yer uchastkalari va litsenziyalar bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlarning ulushi oshgan.
Qurilishda elektr ta’minoti va yuqori soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan.
Xizmatlar sohasida moliyalashtirish, yer uchastkalari, past talab va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kamayganligi aniqlangan.
Bank-moliya va kapital bozorlari faoliyatini o‘rganish sho‘basi,
tel.: (78) 150 02 02 (411)
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi,
tel.: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish