Biznes uchun 10 ming dollargacha grant ajratiladi

Biznes uchun 10 ming dollargacha grant ajratiladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘zaro tashabbusi kichik biznes vakillaridan Biznesni integratsiyalashgan qo‘llab-quvvatlash dasturida ishtirok etishga arizalarni qabul qilish muddati uzaytirilganini xabar qildi.

Arizalar 2020 yil 31 avgust, soat 18:00 gacha qabul qilinadi.

Bundan tashqari, dasturda endi nafaqat Namangan va Samarqand, balki Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridan ham tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, dastur kichik korxonalarning raqobatdoshligini oshirish, ularning samaradorligini oshirish va o‘sishiga ko‘maklashish maqsadida ularni konsultativ va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan (10,000 AQSh dollarigacha grant mablag‘lari).

Treninglar va konsalting xizmatlari, shuningdek, individual kouching maslahatlari O‘zbekistonning tajribali mutaxassislari tomonidan asosiy biznes-vazifalarni hal etish, strategik rejalashtirish, marketing, operatsion va moliyaviy menejment kabi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.

Dastur uch bosqichdan iborat va 3 oy mobaynida davom etadi.

I-bosqich: tanlab olingan korxonalar uchun onlayn shaklda treninglar o‘tkaziladi.

II-bosqich: korxonalar uchun konsalting va shaxsiy kouching maslahatlari beriladi.

III-bosqich: ishtirokchi kompaniyalarga ularning biznes g‘oyalari/loyihalarini amalga oshirish uchun 10 ming AQSh doll. miqdorigacha ekvivalentda beg‘araz texnik ko‘mak olish imkoniyati beriladi.

Tanlovda ishtirok etish shartlari va mezonlari:

Dasturda ishtirok etish uchun, quyidagi mezonlarga mos keladigan, kichik biznes vakillari onlayn shakldagi arizani to‘ldirishlari yoki elektron pochta orqali skaner qilingan shaklni yuborishlari talab etiladi.

Ishtirokchilar uchun asosiy talablar:

  • O‘zbekiston rezidenti tomonidan asos solingan, Jizzax, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida ro‘yxatga olingan yuridik shaxs shaklidagi kichik biznes sub’yekti;
  • Quyidagi keltirilgan sohalar bo‘yicha ikki yildan kam bo‘lmagan muddat ichida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
  • Ishchilar soni 5 dan 50 gacha bo‘lishi;
  • Soliq va boshqa to‘lovlar, olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik yo‘qligi;
  • Amalga oshiriladigan reja / loyihaning 20% dan kam bo‘lmagan qismini moliyalashtirish imkoniyati mavjudligi.

Shuningdek, ishtirokchilar 2020 yil avgust oyidan shu yilning dekabr oyiga qadar treninglar va individual kouching maslahatlarini olish uchun 32 soat o‘quv mashg‘ulotlariga vaqt ajratishga tayyor bo‘lishlari zarur.

Arizalar 2020 yil 10 avgust, soat 18:00 gacha qabul qilinadi.

Taqdim etiladigan hujjatlar:

  • To‘ldirilgan ariza shakli;
  • Ro‘yxatgan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi.

Ayollar yoki 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan asos solingan, yoki ayollar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratadigan kichik biznes turlari nomzodlarni tanlashda afzallikka ega bo‘ladi.

Dasturda tanlov asosida ishtirok etish mutlaqo bepul.

Hujjatlar bu yerda onlayn tarzda to‘ldirilishi yoki skanerlangan shaklda [email protected] elektron pochtasiga yuborilishi lozim.

Ariza shaklini bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun telefon: 1094.

Biznesni integratsiyalashgan holda qo‘llab-quvvatlash dasturi Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magi hisobidan amalga oshirilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar