BMT Taraqqiyot Dasturi va Global ekologiya jamg‘armasi ko‘magida hamda «Atmosferaga zararli moddalarni kam chiqaruvchi avtotransport vositalariga investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish» dasturi doirasida Toshkent shahri uchun elektrobuslar sotib olinadi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
30 iyun kuni poytaxtda loyihani baholash qo‘mitasining manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyiha Toshkent shahri misolida shahar jamoat transportida elektrotransportdan jadal ravishda foydalanishni joriy etish yo‘li bilan atrof — muhit sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu tajriba O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham joriy etilishi mumkin.
Loyiha doirasida Toshkent shahri jamoat transporti uchun elektrobuslarni xarid qilish hamda pilot loyiha tariqasida shaharda «yashil transport yo‘lagini» joriy etish rejalashtirilgan. Olti yil muddatga mo‘ljallangan loyihaga donorlar BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologiya jamg‘armasi tomonidan 3,9 mln dollar mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Toshshahartransxizmat" AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish