Murojaatnoma davomida Prezident so‘nggi yillarda hududlarni rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan islohotlarning natijalariga va ushbu yo‘nalishda kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Hududlarning kompleks va mutanosib rivojlanishini ta’minlash milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishining muhim vazifasi bo‘lib hisoblanadi. So‘nggi yillarda kichik shaharlar va shahar tipidagi aholi punktlarini faol rivojlantirish, ularda yangi sanoat korxonalari va kichik sanoat zonalarini yaratishga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rildi va keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, xomashyo bazasini yaratish va modernizatsiya qilish, iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha puxta ishlab chiqilgan rejalarsiz hududlarni barqaror rivojlantirishga erishib bo‘lmaydi. Ushbu yo‘nalishda Prezident bir qator chora-tadbirlarni, shu jumladan kelgusi yilda jami 3 trillion so‘mlik hududiy infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi, 100 ta texnopark, kichik sanoat zonalari, 84 ta tuman va shaharlardagi hududiy klasterlar shakllantirilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, 2021 yilda EIZ va KSZni zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun 1,6 trillion so‘m ajratiladi. 2021 yilda hududlarda 130 ming km past kuchlanishli elektr uzatish liniyalari va 40 mingdan ortiq transformatorlarni bosqichma-bosqich ta’mirlash dasturi tasdiqlanadi. Bundan tashqari, turizm sohasini rivojlanishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Biroq, rivojlangan sayyohlik infratuzilmasisiz, xorijlik mehmonlari uchun barcha qulayliklarni yaratmasdan, turistik oqimning dinamik o‘sishini ta’minlash mumkin emas. 2021 yilda sayyohlik ob’yektlari atrofidagi yerlarni obodonlashtirish, suv va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun byudjetdan 1 trillion so‘m ajratiladi.
Samarali, zamonaviy transport va energetika infratuzilmasini yaratish ham hududlar ham mamlakat iqtisodiyotini muvaffaqiyatli rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Prezident hududlarni rivojlantirish masalalari nuqtai nazaridan ushbu sohalardagi istiqbolli vazifalar to‘g‘risida alohida to‘xtaldi. Xususan, yirik shaharlar va chekka qishloqlar o‘rtasida o‘zaro bog‘langan transport tarmog‘ini yaratish zarurligi haqida so‘z yuritildi. Hozirgi vaqtda zamonaviy transport kommunikatsiyalarini yaratish haqida so‘z borganda, faqatgina davlatning cheklangan imkoniyatlariga tayanib bo‘lmasligi mazkur sohaga davlat tashkilotlariga qaraganda ancha samarali boshqaruvga ega xususiy sektorni yanada faol jalb qilish zarurligini kun tartibiga chiqmoqda. Shu munosabat bilan kelgusi yilda bir qator hududiy aeroportlar davlat-xususiy sherikligi asosida ishonchli boshqaruvga o‘tkaziladi.
Har bir qishloq va mahallada yashash joylarini obodonlashtirish va odamlar uchun munosib hayot kechirish uchun qulay sharoitlar yaratish davlatning ustuvor vazifalaridan biridir. Ushbu yo‘nalishda Prezidentimiz “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish doirasida sezilarli natijalarga erishilganligini Murojaatnomada qayd etib o‘tdilar. Dasturlarning amalga oshirilishi 5 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan 12 mingta aholi punktini obodonlashtirishga imkon berdi. 2021 yilda ushbu dasturlar davom ettiriladi va ushbu loyihalarni moliyalashtirish mahalliy va respublika byudjetlaridan teng ulushlarda amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish