Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sementni import asosida respublikaga “yashil yo‘lak” tizimi orqali olib kirishni taklif qildi. Tegishli Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Ta’kidlanishicha, bu bilan tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan uzluksiz ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Sementni “yashil yo‘lak” tizimi orqali bojxona rasmiylashtiruvi quyidagi tartiblarning birini qo‘llash orqali amalga oshirilishi mumkin:
- sement to‘pi bojxona chegarasiga kelguniga qadar import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan ixtiyoriylik asosida uning namunalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun sertifikatlashtirish organiga taqdim etiladi, bunda mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishi tegishli muvofiqlik sertifikati olingandan so‘ng amalga oshiriladi;
- oxirgi 12 oy davomida berilgan muvofiqlik sertifati asosida (amal qilish muddatidan qat’iy nazar) sement bojxona chegarasiga olib kelgandan so‘ng “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida mahsulotni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun berilgan arizaning sertifikatlashtirish organi tomonidan qabul qilinishi va sinovlar o‘tkazish uchun shartnoma tuzilishi mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishiga asos bo‘ladi, bunda laboratoriya sinovlarining natijalariga ko‘ra sinov bayonnomasi beriladi;
- sertifikatlashtirish organi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida sementni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi sertifikatlashtirish organi tomonidan davriy ravishda laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, laboratoriya sinovi natijalariga ko‘ra sement belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan taqdirda, bu to‘g‘risida bir kun muddatda sertifikatlashtirish organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt va tegishli davlat organlari xabardor qilinadi.
Bunda, belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan sement realizatsiya qilingan taqdirda, xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan mahsulot realizatsiyasidan tushgan tushum xaridorlarga qaytariladi yoxud xaridorlarni aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda respublika byudjetiga olib qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ushbu ikki holat bo‘yicha «O‘zstandart» agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti ko‘rsatma beradi.
“Belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan sementni olib kirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt olti oy muddat davomida ushbu mahsulotni olib kirishda „yashil yo‘lak“ tizimidan foydalanish huquqiga ega bo‘lmaydi”, — deyilgan hujjatda.
Shu bilan birga, “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti bergan ko‘rsatmani bajarmaganlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, talablarga javob bermaydigan sementni import qilgani uchun tadbirkorlar quyidagi miqdordagi jarimalarga tortilishi rejalashtirilmoqda:
- - texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan sementni olib kirganlik uchun xo‘jalik sub’yektlarga bojxonada rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aks ettirilgan mahsulot qiymatining 25 foizi, ushbu holat takroran sodir etilganda 50 foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi;
- - mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan sementni realizatsiya qilganlik uchun sotilgan sement to‘pining qiymatidan 25 foizi, ushbu holat takroran sodir etilganda 50 foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi;
- - sertifikatlashtirish organi sementning muvofiqligini baholash qoidalarini buzganligi aniqlangan taqdirda, mazkur holat yuzasidan ko‘rsatilgan xizmat qiymatining 5 barobari va ushbu holat takroran aniqlanganida 10 barobari miqdorida ushbu sertifikatlashtirish organiga jarima qo‘llaniladi, shuningdek 6 oy mobaynida sementning muvofiqligini baholashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaror loyihasi 20 iyulga qadar muhokama qilinadi.
Izoh qoldirish