11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining oraliq yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Pul-kredit sharoitlari
2021 yil yanvar-fevral oylarida iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Fevral oyida banklararo pul bozorining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 14,4 foizni tashkil etib, foiz koridori doirasida asosiy stavkaga nisbatan ijobiy tafovut bilan shakllandi. “UZONIA” indeksi 14 foiz atrofida bo‘ldi.
Yil boshida pul bozoridagi operatsiyalar hajmining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, fevral oyida operatsiyalar hajmi 11,5 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 23,1 foizga ko‘paydi.
2020 yil II yarmidagi pasayuvchi tendensiyasidan so‘ng jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha foiz stavkalari 2021 yil fevral oyida 18,3 foizgacha va yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 16,8 foizgacha ko‘tarildi. Joriy yilning fevral oyida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,3 foizga teng bo‘ldi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab maqbul foiz stavkalar mexanizmi bekor qilinganidan so‘ng foiz stavkalarida oshish tomonga ma’lum darajadagi to‘g‘rilanish kuzatildi. Biroq, foiz stavkalari pul-kredit sharoitlaridagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan holda o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha past darajada shakllandi.
Shuningdek, so‘nggi oylarida iqtisodiy vaziyatning nisbatan normallashuvi va inqirozga qarshi choralar bo‘yicha xarajatlarning qisqarishi natijasida ma’lum darajada fiskal konsolidatsiya kuzatildi.
Izoh qoldirish