Chegara punktlaridagi nazorat tartib-taomillariga vaqt limitlari o‘rnatildi

Chegara punktlaridagi nazorat tartib-taomillariga vaqt limitlari o‘rnatildi

O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (18.11.2019 yildagi 912-son VMQga qarang). Nizom 2017 yilgi shunday hujjat o‘rniga qabul qilingan, avvalgi nizom o‘z kuchini yo‘qotgan.

Ekologik nazorat qayd etildi

Yangi Nizomga kiritilgan qo‘shimchalardan biri ekologik nazorat tushunchasi va uning batafsil ta’rifi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: ekologik nazorat — atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va jamoatchilik chora-tadbirlari tizimiEkologik nazorat to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasi).

Belgilanishicha, davlat chegarasini kesib o‘tishda «Qizil kitob»ga kiritilgan yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq olib kirish va olib chiqish taqiqlangan o‘simlik hamda hayvonot dunyosi ob’yektlari, ularning qismlari, hosilalari, yashash faoliyati mahsulotlari, botanik va zoologik kolleksiyalar davlat ekologik nazoratidan o‘tkaziladi. Ekologik nazorat ob’yektlarini olib kirish va olib chiqish, shuningdek, ularni tranzit olib o‘tishga qonun hujjatlariga muvofiq yo‘l qo‘yiladi.

Davlat chegarasi orqali o‘tadigan avtotransport vositalari, tovarlar, qo‘l yuki va bagajini bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida ekologik nazorat ob’yektlari aniqlanganda, bojxona organlari xodimlari tomonidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlari mutaxassislari jalb qilinadi. Ekologik nazorat me’yor va qoidalari buzilishi aniqlanganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining mutaxassislari qoidabuzarlikni rasmiylashtiradi va hujjatlashtiradi, ob’yektni olib qo‘yish, utilizatsiya qilish yoki boshqa turdagi harakatlarni qo‘llash choralarini ko‘radi.

Hammasi elektron tizimda qayd etiladi

Davlat nazorati organlari tomonidan o‘tkazish punktida haydovchilar, tovarlar va transport vositalarining nazorat tartib-taomillaridan o‘tkazilishi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda o‘tkazish punktiga avtotransport vositasi kirishi va chiqishi vaqtlari, ularning har biri davlat nazorati organlari tomonidan tegishli nazorat tartib-taomillaridan o‘tkazilishi qayd etib boriladi. Elektron tizim mavjud bo‘lmaganda yoxud unda texnik nosozlik holatlari yuzaga kelganda «Yagona qayd varaqasi»dan foydalaniladi. Texnik nosozlik bartaraf etilganidan so‘ng 1 kunlik muddatda kiritilgan belgilar elektron tizimga kiritiladi.

Har turdagi nazoratning o‘z vaqti bor!

O‘tkazish punktida avtotransport vositalarining bo‘lish vaqti ularning turi, o‘tkazish punktining texnik holatidan kelib chiqqan holda texnologik sxemada belgilanadi, biroq ushbu ko‘rsatkich quyidagi muddatlardan ortiq bo‘lmagan holda belgilanishi lozim:

  • yengil avtotransport vositalari uchun — 15 daqiqa;
  • yuk avtotransport vositalari uchun — 30 daqiqa.

Bunda avtotransport vositalarining o‘tkazish punktidagi har bir davlat nazorati organlari tomonidan tegishli tartib-taomillardan o‘tkazilishi vaqti quyidagicha belgilangan:

Bosqichlar

Nazorat turi

Amalga oshiriladigan tadbirlar

Bajarish muddati

O‘zbekistonga kirishda

1-bosqich

Sanitariya-karantin nazorati

Haydovchini (zarur hollarda tovar va transport vositasini) sanitariya nazoratidan o‘tkazish

3 daqiqa

2-bosqich

Chegara nazorati

1. Haydovchining davlat chegarasini kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlari mavjudligini tekshirish.

2. Haydovchini chegara (pasport) nazoratidan o‘tkazish

4 daqiqa

3-bosqich

Bojxona nazorati

Haydovchi, tovarlar va avtotransport vositasini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish

15 daqiqa

4-bosqich

Fitosanitariya nazorati

Olib o‘tilayotgan tovarlar fitosanitariya nazorati ob’yekti bo‘lsa, ushbu tovarni fitosanitariya nazoratidan o‘tkazish

4 daqiqa

5-bosqich

Veterinariya nazorati

Olib o‘tilayotgan tovar veterinariya nazorati ob’yekti bo‘lsa, ushbu tovarni veterinariya nazoratidan o‘tkazish

4 daqiqa

O‘zbekistonda chiqishda

1-bosqich

Bojxona nazorati

Haydovchi, tovarlar va avtotransport vositasini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish

10 daqiqa

2-bosqich

Fitosanitariya nazorati

Olib o‘tilayotgan tovarlar fitosanitariya nazorati ob’yekti bo‘lsa, ushbu tovarni fitosanitariya nazoratidan o‘tkazish

3 daqiqa

3-bosqich

Veterinariya nazorati

Olib o‘tilayotgan tovar veterinariya nazorati ob’yekti bo‘lsa, ushbu tovarni veterinariya nazoratidan o‘tkazish

3 daqiqa

4-bosqich

Chegara nazorati

1. Haydovchining davlat chegarasini kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlari mavjudligini tekshirish.

2. Haydovchini chegara (pasport) nazoratidan o‘tkazish

4 daqiqa


Avtotransport vositalarining nazorat tartib-taomillaridan o‘tish vaqti quyidagi hollarda belgilangan vaqt me’yorlaridan ortiq bo‘lishi mumkin:

  • avtotransport vositalari va (yoki) tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda;
  • haydovchi va (yoki) avtotransport vositasi yoki tovarlarni davlat chegarasi orqali olib o‘tish yoxud tashish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar mavjud bo‘lmaganda;
  • bojxona organlariga bojxona chegarasi orqali, shu jumladan tranzit shartlarida o‘tkaziladigan avtotransport vositalari va tovarlar to‘g‘risida oldindan elektron tarzda ma’lumotlar taqdim qilinmagan hollarda;
  • o‘tkazish punktlarida to‘lanishi belgilangan yig‘imlar yoki to‘lovlar to‘lanmagan hollarda;
  • nazorat organlari qonunbuzarlik holatlarini aniqlaganda;
  • favqulotda holatlarda.

Biroq avtotransport vositalarining nazorat tartib-taomillaridan o‘tish vaqti 72 soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim. Ushbu vaqt o‘tgandan so‘ng, avtotransport vositasining respublikaga kirishi hal etiladi yoxud chegara nazorati tomonidan ortiga qaytariladi.

Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar

Ular qatorida quyidagilar ham keltirilgan:

  • o‘tkazish punktlarida davlat nazorati organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etishga bojxona organi boshlig‘i va chegara nazorati bo‘linmasining rahbari mas’ul hisoblanadi (ilgari faqat chegara nazorat bo‘linmasining rahbari mas’ul edi);
  • davlat chegarasi orqali ustuvor tartibda, navbatsiz o‘tkaziladiganlar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritildi – unga Prezident Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli yozma topshirig‘iga muvofiq shaxslar, transport vositalari va tovarlar kiritildi;
  • temir yo‘l, havo va daryo o‘tkazish punktlarida nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi belgilandi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar