Davlat xizmatchilariga har yili daromad, mol-mulk va katta xarajatlar to‘g‘risida deklaratsiyani taqdim etish majburiyati qo‘yiladi

Davlat xizmatchilariga har yili daromad, mol-mulk va katta xarajatlar to‘g‘risida deklaratsiyani taqdim etish majburiyati qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarini tartibga solishni nazarda tutuvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada davlat xizmatchilari har yili o‘zining daromadlar, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlar to‘g‘risidagi, shuningdek, oila a’zolarining daromadlar, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasini taqdim qilishlari belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Hujjat loyihasi bilan Davlat fuqarolik xizmatchisiga yana quyidagi majburiyatlar ham yuklanmoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, mehnat qonunchiligi talablariga, davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa qonun hujjatlariga rioya etishga, unga yuklatilgan xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga, davlat organlari va tashkilotlarida o‘rnatilgan mehnat intizomiga, xizmat ma’lumotlari bilan ishlash va davlat organida o‘rnatilgan boshqa ichki mehnat tartib qoidalariga, shuningdek, Odob-axloq qoidalariga rioya etishga;
  • o‘z vakolatlarini amalga oshirishda ham, xizmatdan tashqari munosabatlarda ham manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, xolis va beg‘araz bo‘lish, millat va elatlarning tillari va urf-odatlariga hurmat ko‘rsatish;
  • davlat fuqarolik xizmatining nufuzini tushirishga olib keluvchi yoki davlat fuqarolik xizmatchisi o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tug‘diradigan har qanday harakatlardan o‘zini tiyishga, shu jumladan, diskriminatsiya (kamsitish)ning har qanday shaklidan, noxolislik yoxud o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida biror kimga boshqalardan farqli ravishda alohida munosabatda bo‘lishga, begona shaxslarning o‘zining xizmat faoliyatiga ta’sir etish imkoniyatiga yo‘l qo‘ymaslikka;
  • o‘zining xizmat mavqeini shaxsiy yoki boshqa noqonuniy maqsadlarda ishlatmaslikka, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga va uning manfaatdor shaxslari va fuqarolariga ta’sir o‘tkazmaslikka;
  • rahbariyat va yuqori turuvchi organlar va tashkilotlarning o‘z vakolati doirasidagi buyruqlari, farmoyishlari, qarorlari, ko‘rsatmalarini bajarishga, ushbu buyruq, farmoyish, qaror va ko‘rsatmalar qonun hujjatlariga yaqqol zid bo‘lgan holatlar bundan mustasno;
  • davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘zida aks ettirgan ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishiga, shuningdek xizmat faoliyati tugaganidan so‘ng ham xizmat faoliyati paytida olingan ma’lumotlarni oshkor qilishga;
  • davlat mulkini but saqlashga, topshirilgan davlat mulkini faqatgina xizmat maqsadida ishlatishga;
  • o‘z kasbiy faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirish hamda malakasini oshirishga;
  • davlat fuqarolik xizmatchisining psixologik portretini tuzish maqsadida psixodiagnostik ko‘rikdan o‘tishga;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarining bazaviy bilimlarini hamda dunyoqarashini aniqlash bo‘yicha test sinovlarida qatnashishga.

Qonun hujjatlari bilan davlat fuqarolik xizmatchilarining boshqa majburiyatlari belgilanishi mumkin.

Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha O‘zbekiston Respublikasi davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar